Prezident Shavkat Mirziyoyev 5-fevral kuni Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” (Doing Business) yillik hisobotida O‘zbekiston reytingini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

2018-yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston mazkur reytingda 190 davlat orasida 76-o‘rinni egalladi. 2014-yilgi hisobotda esa O‘zbekiston 146-pog‘onani egallagan. Vaziyat yaxshilanganiga qaramasdan, “amaliyotda, xususan, qurilishga ruxsatnomalar olishda, mulkni ro‘yxatdan o‘tkazishda va tashqi savdo operatsiyalarini amalga oshirishda tadbirkorlik sub’ektlari duch kelayotgan ortiqcha byurokratik tartib-taomillar hanuzgacha saqlanib qolmoqda”, deyiladi davlat rahbari qarorida.

Hujjatda Jahon banki va boshqa xalqaro moliyaviy institutlar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” yillik hisobotida O‘zbekiston reytingini yanada yaxshilash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi hamda 2022-yilgacha Doing Business reytingida 20-o‘ringa ko‘tarilish maqsadi qo‘yildi.

1-martidan kuchga kiruvchi o‘zgarishlar:

tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish sohasida:

  • banklar Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha moliyaviy choralar ishlab chiquvchi guruhning (FATF) talablaridan kelib chiqib, ariza beruvchilarni masofadan turib identifikatsiya qilish uchun zarur bo‘lgan shart-sharoitlar mavjud bo‘lganda ta’sischilari O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari hisoblangan yuridik shaxslarga va yakka tartibdagi tadbirkorlarga ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonida bank hisobraqamlarini masofadan turib ochishi mumkin;

qurilish uchun ruxsatnomalar olish sohasida:

  • yer uchastkasida qurilishi taqiqlangan yoki ruxsat etilgan ob’ektlar turlarining to‘liq ro‘yxatini majburiy tarzda ko‘rsatib, “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasiga auksion orqali qo‘yilganda, yer uchastkalaridan maqsadli foydalanish tartibi bekor qilinadi;
  • qurilish organlariga arxitektura-shaharsozlik kengashlarining loyiha-smeta hujjatlarini kelishish funksiyalari ushbu kengashlarda faqat tarixiy hududlar, shu jumladan, madaniy meros yodgorliklarini qo‘riqlash hududlari, shuningdek, davlat ob’ektlarining loyiha-smeta hujjatlarini kelishish funksiyalarini saqlab qolgan holda o‘tkaziladi;
  • “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasida auksion orqali realizatsiya qilingan yer uchastkalaridagi qurilish ob’ekti foydalanishga topshirilganidan so‘ng amalga oshiriladigan topografik va maxsus suratga olishlarni (zarur hollarda) yangilash ishlarining qiymati yer uchastkalarini realizatsiya qilishdan tushgan mablag‘lar doirasida yer uchastkalari va ko‘chmas mulk egalari faoliyatiga aralashmagan yoki to‘sqinlik qilmagan holda to‘lanadi;
  • qurilishi tugallangan bino va inshootlarni foydalanishga qabul qilish dalolatnomasi ko‘chmas mulk ob’ektiga bo‘lgan huquq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi haqidagi guvohnoma ko‘chirmasi bilan bir vaqtda beriladi;

elektr ta’minoti tizimiga ulanish sohasida:

  • iste’molchilarni elektr ta’minotidan ruxsatsiz uzganlik uchun iqtisodiy sanksiyalar qo‘llaniladi;

mulkni ro‘yxatdan o‘tkazish sohasida:

  • ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va kadastr hisobini yuritish uchun ariza eksterritoriallik prinsipi asosida berilishi mumkin;
  • jismoniy va yuridik shaxslar ko‘chmas mulk ob’ektlari bo‘yicha bitim va ko‘chmas mulkka egalik huquqini olish bilan bog‘liq bo‘lgan guvohnomalarni notarial tasdiqlash uchun murojaat qilganda, notarial idoralar majburiy tartibda ko‘chmas mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risidagi arizani va tegishli hujjatlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni amalga oshiruvchi organga axborot-kommunikatsiya tizimlari orqali bepul asosda yuboradi;
  • ko‘chmas mulk ob’ektining kadastr yig‘majildi va kadastr hujjatlarini tayyorlash uchun elektron shaklda murojaat qilish va tayyorlash mexanizmini joriy etish orqali qog‘oz shaklida murojaat qilish va kadastr yig‘majildini berish to‘g‘risidagi talab bekor qilinadi;

minoritar aksiyadorlarni himoya qilish sohasida:

  • aksiyadorlarga yirik bitim va affillangan shaxslar bilan qiymati jamiyat sof aktivlari miqdorining 10 va undan ortiq foizini tashkil qiluvchi bitim tuzish natijasida jamiyatga yetkazilgan zarar uchun kuzatuv kengashining manfaatdor a’zosini sud tartibida javobgarlikka tortish huquqi beriladi;
  • mas’uliyati cheklangan yoki qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyat faoliyati yuzasidan qaysidir masalada kelishuvga erishilmaganligi sababli qaror qabul qilish uchun yetarli ovoz bo‘lmaganda, vujudga kelgan ziddiyatli vaziyat sud tartibida hal qilinadi;
  • aksiyalar bo‘yicha hisoblangan dividendlarni Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi yoki investitsiya vositachilari orqali to‘lash mexanizmi joriy etiladi;

xalqaro savdo sohasida:

  • tovarning kelib chiqishi to‘g‘risidagi sertifikatni berish O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan bir qatorda tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchisining ariza-deklaratsiyasi asosida, ariza topshirilgan vaqtdan boshlab bir ish kunidan ortiq bo‘lmagan muddatda Savdo-sanoat palatasi tomonidan ham amalga oshiriladi;

kontraktlar ijrosini ta’minlash sohasida:

  • iqtisodiy sudda nizolarni hal qilish usuli sifatida sudgacha majlis o‘tkazish imkonini beruvchi tartib joriy etiladi;
  • jinoyat va fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda, ma’muriy va iqtisodiy sudlarda fuqarolar tomonidan amalga oshiriladigan barcha to‘lovlarni, shu jumladan, davlat bojini hisobga olish va to‘lashning yagona elektron tizimi joriy etiladi.

1-martdan boshlab:

  • davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan tadbirkorlik sub’ektlaridan hujjatlarga muhr bosilishi yoki hujjatlarning muhr bilan tasdiqlanishini talab qilish;
  • qurilish-montaj ishlarining boshlanishi haqida xabardor qilish mexanizmini joriy etish orqali ularni amalga oshirish uchun ruxsatnoma olish;
  • ommaviy ofertani joriy etish orqali qurilish sohasini nazorat qiluvchi hududiy inspeksiyalar tomonidan shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlari, shaharsozlik faoliyati sohasidagi texnik jihatdan tartibga solish bo‘yicha normativ hujjatlar talablariga rioya etilishi, tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq qurilish-montaj ishlarining sifati va to‘liqligi ustidan nazorat funksiyalarini bajarish yuzasidan shartnomalar tuzish tartiblari bekor qilinadi.

2020-yil 1-yanvardan boshlab Toshkent shahrida eksperiment tariqasida quyidagilarni nazarda tutuvchi tartib joriy etiladi:

  • shaharsozlik faoliyati ob’ektini qurishni loyihalashtirish uchun me’moriy-rejalashtirish topshirig‘ini ishlab chiqish yer uchastkasini “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasida auksion orqali realizatsiya qilish uchun materiallar tayyorlanayotganda amalga oshiriladi va auksion g‘olibiga bepul asosda beriladi;
  • me’moriy-rejalashtirish topshirig‘ini ishlab chiqish bo‘yicha ishlarning qiymati mahalliy byudjet mablag‘laridan, keyinchalik xarajatlarni yer uchastkasini “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasida auksion orqali realizatsiya qilishdan kelib tushgan mablag‘lardan qoplash orqali to‘lanadi.

Prezident huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligiga 1-mayga qadar электрон raqamli imzo bilan bir qatorda, shu jumladan, mobil qurilmalarda shaxsni identifikatsiya qilishning zamonaviy shakllarini qo‘llash imkoniyatlari yuzasidan asoslantirilgan takliflarni ishlab chiqish topshirildi.