Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining «Biznes yuritish» yillik hisobotida O‘zbekiston Respublikasining reytingini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Qaror bilan quyidagilar tasdiqlandi:

Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining «Biznes yuritish» yillik hisobotida O‘zbekiston Respublikasining reytingini yanada yaxshilash bo‘yicha «Yo‘l xaritasi»;

2022 yilga kelib respublikaning 20-o‘ringa erishishini nazarda tutuvchi Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining «Biznes yuritish» yillik hisobotida O‘zbekiston Respublikasi reytingini yaxshilashning «Biznes yuritishni yaxshilash — 2022» maqsadli ko‘rsatkichlari.

2019 yil 1 martdan:

tadbirkorlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda bank hisob raqamlarini masofadan turib ochishi mumkin;

qurilish uchun ruxsatnomalar olish sohasida:

yer uchastkasida qurilishi taqiqlangan yoki ruxsat etilgan ob’ektlar to‘liq ko‘rsatib, «E-IJRO AUKSION"ga auksion orqali qo‘yilganda, yer uchastkalaridan maqsadli foydalanish tartibi bekor qilinadi;

qurilish organlariga arxitektura-shaharsozlik kengashlarining loyiha-smeta hujjatlarini kelishish funksiyalari o‘tkaziladi;

qurilishi tugallangan bino va inshootlarni qabul qilish dalolatnomasi ko‘chmas mulk ob’ektiga bo‘lgan huquq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi haqidagi guvohnoma ko‘chirmasi bilan bir vaqtda beriladi;

iste’molchilarni elektr ta’minotidan ruxsatsiz uzganlik uchun iqtisodiy sanksiyalar qo‘llaniladi;

mulkni ro‘yxatdan o‘tkazish sohasida:

ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va kadastr hisobini yuritish uchun ariza eksterritoriallik prinsipi asosida berilishi mumkin;

notarial idoralar majburiy tartibda ko‘chmas mulkni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risidagi arizani va tegishli hujjatlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni amalga oshiruvchi organga axborot-kommunikatsiya tizimlari orqali bepul asosda yuboradi;

kadastr hujjatlarini tayyorlash uchun elektron shaklda murojaat qilish va tayyorlash mexanizmi joriy etiladi;

minoritar aksiyadorlarni himoya qilish sohasida:

aksiyadorlarga yirik bitim va affillangan shaxslar bilan qiymati jamiyat sof aktivlari miqdorining 10 va undan ortiq foizini tashkil qiluvchi bitim tuzish natijasida jamiyatga yetkazilgan zarar uchun kuzatuv kengashining manfaatdor a’zosini sud tartibida javobgarlikka tortish huquqi beriladi;

aksiyalar bo‘yicha hisoblangan dividendlarni Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi yoki investitsiya vositachilari orqali to‘lash mexanizmi joriy etiladi;

xalqaro savdo sohasida — tovarning kelib chiqishi to‘g‘risidagi sertifikatni berish Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan bir qatorda Savdo-sanoat palatasi tomonidan ham amalga oshiriladi;

kontraktlar ijrosini ta’minlash sohasida:

iqtisodiy sudda nizolarni hal qilish usuli sifatida sudgacha majlis o‘tkazish imkonini beruvchi tartib joriy etiladi;

sudlarda to‘lovlarni amalga oshirishning yagona elektron tizimi joriy etiladi.

2019 yil 1 martdan quyidagilar bekor qilinadi:

davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan tadbirkorlarning hujjatlarga muhr bosilishini talab qilish;

qurilish-montaj ishlarining boshlanishi haqida xabardor qilish mexanizmini joriy etish orqali ularni amalga oshirish uchun ruxsatnoma olish;

qurilish sohasini nazorat qiluvchi hududiy inspeksiyalar tomonidan shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan nazoratni bajarish yuzasidan shartnomalar tuzish tartiblari.

2020 yil 1 yanvardan Toshkent shahrida shaharsozlikka oid yangi eksperiment tartibi joriy etiladi.