Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev ancha vaqtda beri muhokama qilinayotgan haydovchilarning malaka oshirishi ko‘zda tutilayotgan «O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida"gi kodeksning 135-moddasiga o‘zgartish kiritish haqida"gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqilib, qabul qilinganini bildirdi.

«Haydovchilarning malakasini oshirish va sertifikat olish masalasi ancha muncha muhokamaga sabab bo‘lgan mavzular qatorida bo‘ldi. Turli takliflar va fikrlar bo‘lganligini ham kuzatdik.

Ko‘pchilikning taklifi va haqiqatan ham fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida bugun deputatlar tomonidan «O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida"gi kodeksning 135-moddasiga o‘zgartish kiritish haqida"gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqilib, qabul qilindi.

Ma’lumot uchun: ushbu modda yo‘l harakati qoidalarida nazarda tutilgan hujjatlari bo‘lmagan shaxslarning transport vositalarini boshqarganligi uchun jarima qo‘llashga bag‘ishlangan.

Qonun loyihasining birinchi o‘qishda kiritilgan variantidan farqli ravishda deputatlarning takliflari bilan loyiha ikkinchi o‘qishda qayta ishlanib, yo‘l harakati qoidalarida nazarda tutilgan hujjatlari bo‘lmagan shaxslarning transport vositalarini boshqarishda zarur bo‘lgan hujjatlar qatorida transport vositalarida faqatgina «yo‘lovchi yoki yuk tashish faoliyatini amalga oshiruvchi haydovchining malaka oshirishdan o‘tganligi to‘g‘risidagi sertifikati» bo‘lishi zarurligi nazarda tutildi. Ya’ni barcha yuridik shaxs haydovchlarilari emas, faqat yo‘lovchi va yuk tashish bilan shug‘ullanadigan haydovchilarning malaka oshirganligi to‘g‘risidagi sertifikati bo‘lishi haqida gap ketmoqda. Shuningdek, transport vositalarini boshqarish huquqini beruvchi guvohnomani almashtirish yoki yo‘qolgan guvohnoma o‘rniga boshqasini berish hollarini istisno qilgan holda guvohnoma olgan paytdan e’tiboran ikki yillik davr bu talabdan mustasno ekanligi ko‘zda tutilmoqda.

Demak bundan anglashiladiki, yo‘l harakati xavfsizligi inspektori (GAI) hujjatni ko‘zdan kechirishda barcha yuridik shaxslarga tegishli avtotransport haydovchilaridan emas balki faqat yo‘lovchi va yuk tashishga ixtisoslashgan haydovchilardangina malaka oshirganligi haqida sertifikatni ko‘rsatishni talab qilishi mumkin.

Fursatdan foydalanib, hamkasblarimizga masalaga to‘g‘ri yondoshib, loyihani shunchaki emas, real natija berish, qulaylik yaratishga xizmat qilishi mumkin bo‘lgan holda maromiga yetkazib, qabul qilinishiga qo‘shgan hissalari uchun (ketgan asab uchun ham) tashakkur demoqchiman", deydi u telegramdagi kanali orqali e’lon qilingan maqolasida.