O‘zbekistonda alkogol va tamaki mahsulotlarini ta’lim, sport va diniy muassasalardan to‘g‘ri chiziq bo‘yicha ikki yuz metrdan ortiq radiusda (hozirda bu masofa 500 metrni tashkil etadi) joylashgan savdo ob’ektlarida sotishga ruxsat beriladi.

Shuningdek, mazkur mahsulotlarni umumiy savdo maydoni ming kvadratmetrdan ortiq bo‘lgan savdo majmualari (bozorlar) va yarmarka pavilonlarida realizatsiya qilishga ijozat beriladi.

Prezidentning 5 fevraldagi farmonida ikki oy muddatda mazkur Farmon talablarini inobatga olgan holda, jumladan, quyidagilarni nazarda tutuvchi «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi Qonun loyihasini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.

O‘tgan yilning yozida «O‘zsharobsanoat» kompaniyasi e’lon qilgan prezident qarori loyihasida alkogol va tamaki mahsulotlarini ta’lim, sport va diniy muassasalardan 100 metrdan ortiq masofada sotishga ruxsat berish taklif qilingan edi. «Gazeta.uz» o‘tkazgan so‘rovnomada mutaxassislar bu qarorni «orta qadam» sifatida baholadi. Keyinroq loyiha yangilandi — masofa 200 metrgacha uzaytirildi va tamaki mahsulotlari haqidagi eslatma qo‘shildi.