Prezident Shavkat Mirziyoyev 5-fevraldagi farmoni bilan 2022-yilda O‘zbekiston aholisini ro‘yxatga olishni o‘tkazish konsepsiyasini tasdiqladi. Mustaqillik yillarida mamlakatda aholini ro‘yxatga olish ishlari o‘tkazilmadi. So‘nggi marta u 1989-yilda o‘tkazilgan.

“O‘zbekiston Respublikasi aholisi va uning farovonligi to‘g‘risidagi ishonchli ma’lumot uzoq muddatli prognozlar va davlatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish maqsadli dasturlarini, yangi ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturlarini ishlab chiqish, barqaror rivojlanish Milliy maqsadlari indikatorlarini shakllantirish, mehnat resurslari joylashuvi va ulardan foydalanish jarayonlarini o‘rganish, ilmiy tadqiqotlar olib borish uchun muhim poydevor hisoblanadi”, — deyiladi hujjatda.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti 2015-yil 10-iyundagi “2020-yilda aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olish borasidagi prinsiplar va tavsiyalar” rezolyutsiyasiga tayanib, a’zo davlatlarni 2020-yilda Butunjahon aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olish dasturi doirasida aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olishga taalluqli xalqaro va hududiy tavsiyalarni inobatga olgan holda kamida bir marta aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olishni o‘tkazishni qat’iy da’vat etadi.

“Mustaqillik yillarida O‘zbekiston Respublikasida aholini ro‘yxatga olish o‘tkazilmagan. Aholi soniga, yosh-jins tarkibiga keskin ta’sir ko‘rsatgan o‘zgarishlar, respublika hududidagi aholi joylashuvi xususiyatlari va boshqa ijtimoiy-demografik o‘ziga xosliklar aholining joriy hisobiga oid mavjud ma’lumotlarni qo‘llashni sezilarli darajada cheklamoqda”, — deyiladi prezident farmonida.

Aholini ro‘yxatga olish aniq belgilab qo‘yilgan yagona hisobga olish davrida aholining jinsi, yoshi, oilaviy ahvoli, ma’lumoti, hayot darajasi, yashash sharoiti, bandligi, millati, fuqaroligi hamda boshqa demografik, ijtimoiy-iqtisodiy xususiyatlari bo‘yicha yakka tartibda hisobga olish va batafsil tavsiflashga xizmat qiladi.

Farmon bilan 2022-yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘yicha respublika komissiyasi, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi hududiy komissiyalar tashkil etilishi belgilandi.

Komissiya aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga vakolatli organ hamda boshqa davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni muvofiqlashtirish, aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonini nazorat qilish va boshqa tashkiliy ishlarni olib boradi.

1-iyulga qadar “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida"gi qonuni loyihasi ishlab chiqiladi. Unda ilg‘or xorijiy amaliyotda qabul qilingan zamonaviy texnologiya va uslubiyotlar asosida aholini ro‘yxatga olishni tashkil etish va o‘tkazish, bu jarayonda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining ishtiroki, ularning vazifalari, funksiyalari hamda javobgarligini ko‘rsatish, jismoniy hamda yuridik shaxslarning ishtiroki, ular mehnatiga haq to‘lashning aniq mexanizmlari va manbalarini belgilash hamda aholini ro‘yxatga olish yakunlarini amalga oshirish bo‘yicha tashkiliy-amaliy, huquqiy, iqtisodiy va boshqa chora-tadbirlar o‘z aksini topadi.

Avval Davlat stastiktika qo‘mitasi raisi 2020-yilda aholini ro‘yxatga olish ishlari o‘tkazilishi rejalashtirilayotgani haqida ma’lum qilgan edi.