Toshkent shahrida joriy yilning 25−27 aprel kunlari «Tashkent Law Spring» xalqaro yuridik forumi o‘tkaziladi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Xalqaro yuridik forum O‘zbekiston tarixida ilk marotaba tashkil etilmoqda.

Forum «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili» uchun tasdiqlangan davlat dasturi hamda hukumatning 2019 yil 24 yanvardagi farmoyishiga asosan tashkil etilmoqda.

Forumda O‘zbekiston va bir qator xorijiy mamlakatlar adliya vazirlari, sud, prokuratura va boshqa davlat organlari rahbarlari, xalqaro tashkilotlar, dunyoning yetakchi yuridik va konsalting firmalari vakillari, advokatlar, yurisprudensiya sohasidagi taniqli olimlar, mutaxassislar va ekspertlar qatnashishlari kutilmoqda.

Forum qatnashchilari «Sifatli davlat boshqaruvi», «Qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-xuquq tizimini isloh qilish», «Faol investitsion siyosat» yo‘nalishlari bo‘yicha munozara sessiyalari, davra suhbatlari, master-klass va taqdimotlarda ishtirok etishlari, xalqaro darajadagi va milliy ekspertlar leksiyalarini tinglashlari, muhokamalarda qatnashishlari mumkin bo‘ladi.

Joriy yil O‘zbekistonda «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili» deb e’lon qilinganligi munosabati bilan, Forumda Hukumat vakillari bilan xorijiy biznes tuzilmalari vakillari o‘rtasida investitsion hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qilish uchun imkoniyat yaratiladi.

Shuningdek, xorijiy qatnashchilar O‘zbekistonning tegishli vazirlik (idora) va boshqa davlat tashkilotlari rahbar xodimlari bilan uchrashuvlar tashkil etish haqida murojaat qilishlari mumkin va tashkilotchilar bunday so‘rovlarni imkon qadar amalga oshirishga harakat qiladilar.

Forum «Yilning eng yaxshi advokati», «Yilning eng yaxshi advokatlik tuzilmasi» va «Yilning eng yaxshi korporativ huquqshunosi» nominatsiyalari bo‘yicha taqdirlash marosimi bilan yakunlanadi.

Forum tadbirlari o‘zbek, ingliz va rus tillarida olib boriladi.