Xusnutdin Nuriddinovich Xasilov «O‘zbekiston temir yo‘llari» temir yo‘l kompaniyasi raisi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi, deya xabar qildi O‘zbekiston Adliya vazirligi o‘zining rasmiy Telegram-kanalida. U 2016 yil 1 aprelidan buyon «O‘zbekiston temir yo‘llari» bosh menejeri — bosh muhandisi lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi.Xusnutdin Xasilov (1970 y. t.) Toshkent temir yo‘l transporti muhandislari institutini injener-mexanik mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan (1992). Mehnat faoliyatini 1992 yilda «O‘zinterservis» korxonasida uzel boshlig‘i lavozimida boshlagan. 1999 yildan 2002 yilgacha «O‘ztemiryo‘lmashta’mir"da turli lavozimlarda ishladi. 2002 yildan 2008 yilgacha «O‘zbekiston temir yo‘llari» strategik rivojlanish boshqarmasi boshlig‘i, bir vaqtning o‘zida bosh menejer o‘rinbosari — bosh muhandis lavozimida faoliyat ko‘rsatdi.

2011−2014 yillarda «O‘zbekiston temir yo‘llari» bosh menejeri — bosh muhandis, 2014−2016 yillarda — Vazirlar Mahkamasi departament mudiri bo‘ldi.

Dushanba kuni bosh vazirning birinchi o‘rinbosari, 2002 yildan buyon temir yo‘l kompaniyasini boshqarib kelayotgan Ochilboy Ramatov bosh vazirning birinchi o‘rinbosari — transport vaziri etib tayinlangani ma’lum bo‘ldi.