O‘zbekiston Respublikasi prezidenti 2017 yil 22−23 iyun kunlari Farg‘ona viloyatiga qilgan tashrifi chog‘ida Qo‘qon shahrida yangi usti yopiq suv inshooti qurish taklifini bildirgan edi. Kuni kecha bu ish nihoyasiga yetkazildi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan barpo qilingan hududdagi o‘ninchi ob’ektning ochilish marosimida jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, sportchilar, yoshlar, jurnalistlar ishtirok etdi.

Ushbu yopiq suv havzasini qurish uchun jamg‘arma mablag‘lari hisobidan 4,5 milliard so‘m ajratildi. Ob’ektda 11×25 metr o‘lchamdagi suzish havzasi, murabbiylar, shug‘ullanuvchilar uchun yuvinish, kiyinish, dam olish, tibbiyot xonalari, suvning tarkibi, sifati nazorat qilinadigan laboratoriya hamda tomoshabinlar uchun o‘rindiqlar mavjud.

Qo‘qon shahridagi 1-sonli bolalar-o‘smirlar sport maktabi qoshidagi ushbu inshootda bir kunda 120 nafar o‘g‘il-qiz suzish sporti sirlarini o‘rganishi uchun sharoit yaratilgan. E’tiborlisi, bolalar va o‘smirlar sport maktabiga jamg‘arma tomonidan 200 million so‘mlik jihozlar ham topshirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
2018 yil 2 iyundagi tegishli qarori asosida Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan barpo etiladigan sport inshootlari manzilli dasturiga Farg‘ona viloyatidagi 10 ta ob’ekt kiritilgandi. Ushbu hujjat asosida Beshariq, Uchko‘prik, Rishton, Oltiariq, Farg‘ona, Quva, Toshloq tumanlaridagi BO‘SMlar maydoni va Marg‘ilon shahridagi «Atlaschi» stadioni rekonstruksiya qilindi. Shuningdek, Qo‘qon shahridagi 2-BO‘SM suzish havzasi kapital ta’mirlandi.

Ma’lumot o‘rnida keltirib o‘tish joiz, 2018 yil dasturiga asosan, Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan shu paytga qadar yopiq suv havzasi bo‘lmagan hududlarda jami 9 ta zamonaviy basseyn qurildi.