O‘zbekiston Respublikasi DXX chegara qo‘shinlari tomonidan narkotik va tovar-moddiy boyliklarining yirik partiyasi to‘xtatib qolindi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Chegara qo‘shinlari vakili bergan ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston chegarachilari joriy yil yanvar oyi oxirlari va fevral oyi boshlarida narkotik va tovar-moddiy boyliklarining yirik partiyasini to‘xtatib qolgan.

29 yanvar kuni Toshkent tumanining chegaraoldi Tutzor aholi punktida chegarachilar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi S.Hayitov to‘xtatilib, shaxsiy tekshuruvdan o‘tkazilganda, uning yonidan umumiy og‘irligi taxminan 2 kg 500 gramm (1 kg 900 gramm marixuana va 600 gramm nasha) bo‘lgan narkotik moddalar borligi aniqlangan.

Shu kunning o‘zida Namangan viloyati chegaraoldi Zarkent aholi punktida chegara naryadi tomonidan Z.Ortiqov to‘xtatilgan. U o‘zining «Mersedes» rusumli avtomashinasida belgilangan qoidalarni chetlab o‘tgan holda Davlat chegarasi orqali O‘zbekistonga umumiy qiymati 172 mln so‘m bo‘lgan 57 ta televizor va 2 ta elektr pechini olib kirgan.

Joriy yilning 1 fevral kuni Toshkent viloyatining Bekobod tumanida Tojikiston fuqarosi F. Xolmatov noqonuniy ravishda tovar-moddiy boyliklarni olib o‘tishga urinish paytida qo‘lga olingan. U chegaradan umumiy qiymati 100 mln so‘m bo‘lgan tamaki mahsulotlarini olib o‘tishga uringan.

Mazkur holatlar bo‘yicha qo‘lga olingan shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi doirasida choralar ko‘rildi.