Umumta’lim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida badiiy adabiyotni mutolaa qilish hamda ularning kitobxonlik madaniyatini oshirish maqsadida joriy yilning fevral-may oylarida «Kitob haftaligi"ni o‘tkazish reja-jadvali ishlab chiqildi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur rejaga asosan «Kitob haftaligi» tadbirlarini ona tili va adabiyot fani darslarida, tarbiyaviy soatlar jarayonida hamda o‘quvchilarning darsdan bo‘sh vaqtida yuqori saviyada tashkil etilishi belgilandi.

Haftalik doirasida o‘zbek milliy hamda jahon adabiyoti namoyandalarining sara asarlari mutolaa qilinishi qayd etilgan. O‘quvchilar dunyoqarashini rivojlantiruvchi asarlar sirasiga she’r, hikoya va qissa, shuningdek. qiziqarli ertaklar ham kiritilgan. Ushbu badiiy adabiyotlar o‘g‘il-qizlarning yoshiga mos tarzda tanlangan.

Asarlar jadvalga binoan har hafta belgilangan adabiyot sinflar kesimi bo‘yicha mutolaa qilinadi. «Kitob haftaligi» joriy yilning 4 fevralida boshlanib, 25 mayida yakunlanadi.