7−14 fevral kunlari Nyu-York, Boston va Londonda ilk davlat xalqaro obligatsiyalarini chiqarish va muvaffaqiyatli joylashtirishni ta’minlash maqsadida roud-shoular (investorlar bilan uchrashuvlar) o‘tkaziladi, deya xabar qildi Moliya vazirligi matbuot xizmati.

Uchrashuvlardan so‘ng, jahon moliya bozorlaridagi sharoitlardan kelib chiqqan holda, mamlakatning ilk davlat xalqaro obligatsiyalarini 5 va/yoki 10 yil muddat bilan chiqarilishi rejalashtirilmoqda. «Gazeta.uz» muxbiriga obligatsiyalar fevralning o‘zida chiqarilishi ma’lum qilindi.

«Roud-shou» davomida O‘zbekiston delegatsiyasi yirik investorlar bilan muzokaralar olib borishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, global koordinator va qo‘shma bukranner (investorlardan obligatsiyalarni sotib olish haqidagi arizalarni qabul qilish va ro‘yxatga olish bilan shug‘ullanuvchi tashkilot) sifatida JP Morgan Chase moliyaviy xoldingi tanlangan bo‘lib, Citibank va «Gazprombank» esa yetakchi menejer va bukrannerlari bilan ushbu jarayonda ishtirok etadi.

Dekabr so‘ngida moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Ahadbek Haydarov «Gazeta.uz"ga O‘zbekiston 500 mln dollar miqdoridagi yevroobligatsiyalarini joylashtirishini ma’lum qildi.

Yevroobligatsiya — emitent xorijiy valyutadagi uzoq muddatli qimmatli qog‘oz. Yevrobondlar uzoq muddatga — 1 yildan 40 yilgacha muddatda pul mablag‘larini olishdan manfaatdor bo‘lgan xalqaro tashkilotlar, hukumatlar, yirik korporatsiyalar tomonidan chiqariladi. Muayyan muddatdan keyin qayta sotib olinishi kerak. Nomida «yevro» so‘zi qo‘shilgan bo‘lsa ham (bunday qimmatli qog‘ozlar ilk bor Yevropada paydo bo‘lgan), bugungi kunda ular turli bozorlarda turli valyutalarda chiqariladi.