O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2 fevraldagi farmoni bilan O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi negizida prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tashkil etilgani haqida xabar qilingan edi.

Yangi tashkil etilgan agentlikning asosiy vazifalari quyidagilar iborat etib belgilandi:

fuqarolarning so‘z va axborot erkinligiga doir konstitutsiyaviy huquqlarining ro‘yobga chiqishini ta’minlash, mamlakatni ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy rivojlantirishda OAVning rolini kuchaytirish, media-bozorda ular uchun teng sharoitlar yaratish, shuningdek, jurnalistlar huquqlarini himoya qilish;

OAV, matbuot, noshirlik-matbaa va axborot-kutubxona faoliyatining rivojlanishini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirishni ta’minlash, shuningdek, investitsiyalar jalb etish va davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida loyihalarni amalga oshirish uchun qulay shart-sharoitlarni shakllantirish;

axborot sohasidagi qonun hujjatlarini qo‘llash amaliyotini umumlashtirish, OAV, matbuot, noshirlik-matbaa va axborot-kutubxona faoliyatining rivojlanishini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ilgari surish va ishlab chiqish;

davlat organlari va boshqa tashkilotlarga ular faoliyatining ochiqligini ta’minlashda, davlat xizmatchilariga OAV bilan ochiq, ommaviy o‘zaro hamkorlik qilish madaniyatini singdirishda, shu jumladan, ularning matbuot xizmatlari (jamoatchilik bilan ishlash bo‘yicha bo‘linmalari) faoliyatini muvofiqlashtirish va uslubiy jihatdan ta’minlash orqali ko‘maklashish;

mamlakatda amalga oshirilayotgan keng miqyosli islohotlarni, investitsiyalar kiritish va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash uchun yaratilgan qulay sharoitlarni, avvalo, xorijiy ishbilarmon doiralar, tadbirkorlar, salohiyatli investorlar, davlat va jamoat arboblari orasida targ‘ib etish va keng xabardor qilish masalalarida davlat organlari va boshqa tashkilotlar, shuningdek, O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari bilan o‘zaro hamkorlik qilish;

tarmoq korxonalarining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish va mustahkamlash, shuningdek, zamonaviy standartlashtirish va sertifikatlashtirish tizimlari, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish va amalga oshirish;

kitob nashr etish, elektron va audio kitoblar yaratish, kitob mutolaasi madaniyatini oshirish, xorijda o‘zbek adabiyotini ommalashtirish sohasida dasturiy chora-tadbirlarni ishlab chiqish va ularning amalga oshirilishini ta’minlash;

jurnalistlar hamda OAV, matbuot, noshirlik-matbaa va axborot-kutubxona korxonalari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, shuningdek, tarmoqning muhandislik-texnik mutaxassislarini tayyorlashda ko‘maklashish, ularning ijtimoiy va huquqiy himoyasini ta’minlash;

respublika axborot xavfsizligini ta’minlashda ishtirok etish hamda axborot sohasidagi xatar va tahdidlarga qarshi o‘z vaqtida va munosib ravishda kurashish choralarini ko‘rish.

Farmon bilan Toshkent matbaa-noshirlik kasb-hunar kolleji nomi Noshirlik-matbaa faoliyati sohasida mutaxassislarni tayyorlash kasb-hunar kollejiga o‘zgartirilgan holda agentlik tasarrufiga o‘tkazish belgilandi.

Agentlik negizida tashkil etilayotgan axborot sohasi va ommaviy kommunikatsiyalarni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga Davlat byudjetidan 20 milliard so‘m miqdorida bir marta ajratiladigan mablag‘lar ajratish belgilandi. Ushbu jamg‘arma Agentlikka idoraviy mansub nashriyotlar va matbaa korxonalarining mahsulotlarini sotishdan tushadigan sof tushumning 10 foizi miqdorida shartnoma asosidagi ajratmalardan shakllantiriladigan mablag‘lar ham tushirib boriladi.

Jamg‘arma mablag‘lari davlat va nodavlat OAVni rivojlantirishni rag‘batlantirish va ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, xorijda O‘zbekistonning ijobiy imijini targ‘ib etish, axborot kampaniyalarini o‘tkazish, jurnalistlar hamda OAV, matbuot, noshirlik-matbaa korxonalari va axborot-kutubxona muassasalari xodimlarini, shu jumladan, mamlakatdan va xorijdan mutaxassislar jalb etish, xorijda o‘quv stajirovkalarini tashkil etish orqali tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tadbirlarini moliyalashtirish kabi ishlarga sarflanadi.

Prezident farmoni bilan xuddi shu kuni «Ko‘zi ojizlar bosmaxonasi» korxonasi bosmaxona uskunalarini modernizatsiya qilish, bino va ishlab chiqarish inshootlarini ta’mirlash bo‘yicha «Ko‘ngil ko‘zi» loyihasini amalga oshirish yuzasidan «yo‘l xaritasi» tasdiqlandi.