«O‘zatom» agentligi bosh direktori o‘rinbosari Bahrom Mansurov 4 fevral kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Atom energetikasi bo‘yicha xalqaro agentlik (MAGATE) seminarida atom elektr stansiyasi qurilishi uchun maydonchani tanlash bo‘yicha qidiruv ishlari qanday kechayotgani haqida ma’lumotlar taqdim etdi.

«Bugungi kunda maydonchalarni tanlash jarayonida eng asosiy bosqich hisoblangan muhandislik qidiruv ishlari ikki hududda — Jizzax viloyatidagi Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimidagi Tuzkn ko‘li hamda Buxoro va Navoiy viloyatlari chegarasidagi To‘dako‘l suv ombori hududida olib borilmoqda», — dedi u.

O‘zbekistonning shimoli-sharqiy qismidagi Tuzkon ko‘lida uchta maydonchada ishlar olib borilmoqda. Ularning ikkitasi qirg‘oq zonasidan 4−5 km, uchinchisi — qirg‘oq zonasidan 15 km masofada joylashgan.

Bahrom Mansurov Tuzkon ko‘li tabiiy ravishda hosil bo‘lgani va atrofi sho‘rxok yerlar bilan o‘ralgani, suvning minerallashuvi bir litrda taxminan 7−8 gramni tashkil etishini atib o‘tdi.

To‘dako‘l suv omborida to‘rtta maydonchada qidiruv ishlari olib borilayotgan bo‘lib, ularning barchasi sohil zonasiga tutash. Bu yerdagi qidiruv ishlari 98 foizga yakuniga yetgan bo‘lib, hozirda ma’lumotlarni qayta ishlash va hisobot uchun tayyorlash ishlari olib borilmoqda.

«Biz ushbu hududda bir qator muammolarga duch keldik, — dedi bosh direktor o‘rinbosari. — №1 va №2 maydonchalar — seysmik faol bo‘lib, tuprog‘ida gips miqdori yuqori. Shuning uchun bosh pudratchi asosiy ishlarni №3 va №4 maydonchalarda olib bordi».

Bahrom Mansurovning qayd etishicha, eng maqbul maydonchani tanlash uchun nafaqat muhandislik qidiruv ishlari, balki tegishli vazirlik va idoralar bilan tashqi infratuzilma va kommunikatsiya ob’ektlarini qurish bo‘yicha ishlar ham boshlangan.

«Baholash jarayonida bexato va xavfsiz texnik qaror qabul qila olishimiz uchun maydonchaga emas, umuman hududga aloqador texnik-iqtisodiy hisob-kitoblar ko‘rib chiqilmoqda», — dedi bosh direktor o‘rinbosari.

Maydonchani tanlashdan avval yadroviy xavfsizlik nuqtai nazaridan barcha ma’lumotlar to‘planib, tahlil qilinadi va baholanadi. Bunda tabiiy va texnik kelib chiqish manbalari, maydonchalarning o‘ziga xos xususiyatlari, atrof-muhit, aholi zichligi va tarqalganligi hamda boshqa tashqi zonalar xususiyatlari avariya holatlariga javob berish imkoniyatlari nuqtai nazaridan tashqi hodisalar ta’siri hisobga olinishi lozim.