O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Advokatlar palatasi rasmiy saytida e’lon qilingan advokatlar faoliyatiga tazyiq o‘tkazish va qonunbuzilishi holatlari yuzasidan o‘tkazilgan anonim so‘rovnoma natijalarini shubha ostiga oldi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar qildi.

«Advokat» gazetasi saytidan skrinshot

28 yanvar kuni Advokatlar palatasi va «Advokat» gazetasi saytlarida anonim so‘rovnoma natijalari e’lon qilindi (hozirda natijalar olib tashlangan). Unda kasbiy faoliyati davomida advokatlarning huquqlari surishtiruv, tergov organlari hamda sudlar tomonidan muntazam buzilayotganligi haqida tahliliy ma’lumotlar bayon qilingan.

«Advokat» gazetasi saytidan skrinshot

«Anonim so‘rovnoma natijasida e’lon qilingan raqamlar jiddiy shubha uyg‘otadi, — deya qayd etadi Bosh prokuratura. — Unda 3553 nafar advokat ishtirok etgan». Bosh prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, bu respublikada faoliyat yuritayotgan advokatlarning 91 foizini tashkil etadi. O‘tkazilgan anonim so‘rovnoma natijalarida advokatlarga himoya ostidagi shaxs bilan uchrashishga to‘sqinlik qilinishi holatlari surishtiruv jarayonida 461 tani, tergov davomida esa 328 tani tashkil etadi, deb ko‘rsatilgan. Vaholanki, amaldagi qonunchilikka binoan, advokat surishtiruv yoki tergov jarayonida himoya ostidagi shaxs bilan jinoyat ishini yuritishga mas’ul bo‘lgan davlat organlari va mansabdor shaxslarning ruxsatisiz, uchrashuvlarning soni va davom etish vaqti cheklanmagan holda holi uchrashishga haqli, deya qayd etadi Bosh prokuratura.

IIV JIEBB rasmiy ma’lumotlariga tayanib, o‘tgan 2018 yilning o‘zida tergov hibsxonalari va yopiq turdagi jazoni ijro etish muassasalarida advokatlarning o‘z himoyasi ostidagi shaxslar bilan uchrashuvlari soni 29766 tani tashkil etgani ma’lum qilinadi.

Anonim so‘rovnoma natijalarida himoya ostidagi shaxslar bilan uchrashish uchun maxsus xonalar mavjud emasligi yuzasidan 597 ta advokat e’tirozi qayd etilgan bo‘lsada, amalda respublikaning tergov hibsxonalari va yopiq turdagi jazoni ijro etish muassasalarining har birida maxsus advokat xonalari (32 ta muassasada — 69 ta advokat xonasi) ajratilgan. Bundan tashqari, har qanday tazyiq holatlarining oldini olish maqsadida tergov hibsxonalari va jazoni ijro etish muassasalarining barchasi videokuzatuv moslamalari bilan jihozlangan.

Anonim so‘rovnoma natijalarida tergov organlari xodimlari tomonidan advokatga nisbatan haqoratli, kamsitadigan munosabatda bo‘lish holatlari 209 tani tashkil etadi, deb ko‘rsatilgan bo‘lsada, o‘tgan 2018 yilda respublika miqyosida prokuratura organlariga advokatlardan o‘ziga nisbatan haqoratli va kamsituvchi munosabatda bo‘linganligi holati yuzasidan 2 ta murojaat kelib tushgan va qonuniy tartibda ko‘rib chiqilgan.

Respondentlar tomonidan advokatga nisbatan jismoniy ziyon keltirish to‘g‘risida tahdid qilishning 208 holati mavjud, deb qayd etilgan bo‘lsada, 2018 yil davomida prokuratura va ichki ishlar organlariga bunday mazmundagi bironta ham rasmiy murojaat kelib tushmagan, deyiladi xabarda.

«Ochiq va qonuniy murojaat mexanizmi mavjud sharoitda advokatlar tomonidan ularga nisbatan muntazam tazyiq va ta’qib bo‘layotgani haqidagi e’tirozlarning anonim so‘rov shaklida e’lon qilinishining o‘zi kasbiy va axloqiy nuqtai nazardan maqsadga muvofiq emas», — deya qayd etdi Bosh prokuratura.

Shu bilan birga, mazkur so‘rovnoma asosida bayon etilgan ma’lumotlar qonunni qo‘llash amaliyotida mavjud vaziyatni tanqidiy baholash uchun jiddiy signal hisoblanadi. Kasbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilinishi va tazyiq o‘tkazilishi holatlariga bevosita duch kelgan advokatlar Bosh prokuraturaga murojaat qilishlari so‘raldi.

«Advokatlarning bunday mazmundagi har bir murojaati shaxsan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori nazoratida individual va shaffof tartibda ko‘rib chiqilib, qonuniy baho berilishi qat’iy ta’minlanadi», — deya ishonch bildirdi Bosh prokuratura.