O‘zbekiston Markaziy banki 2018 yilda ichki valyuta bozori to‘g‘risidagi ma’lumotlarni e’lon qildi. Qayd etilishicha, o‘tgan yilda ichki valyuta bozorida xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan xorijiy valyutani sotib olish va sotish operatsiyalari hajmi, shuningdek valyuta bozorida ishtirokchilar soni oshganligi kuzatildi. Shu bilan birga, hisobot yili davomida xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning yashirin valyuta bozoridan rasmiy valyuta bozoriga o‘tishini o‘zida aks etdi.

2018 yilda yuridik shaxslar tomonidan sotib olingan jami valyuta hajmi 10,4 mlrd dollarni tashkil etgan bo‘lib, avvalgi yilga nisbatan ushbu ko‘rsatkich 1,5 barobar oshdi.

Shu bilan birga, o‘tgan yil mobaynida ichki valyuta bozorida xorijiy valyutani xarid qiluvchi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar soni 2,3 marotabaga oshgan bo‘lib, ushbu ko‘rsatkich yanvar oyida 2,2 mingtani tashkil etgan bo‘lsa, yil yakuni bo‘yicha ularning soni 5,1 mingtaga yetdi.

Yil mobaynida xorijiy valyuta taklifining asosiy manbalari bo‘lib xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning eksportidan tushgan mablag‘lar hamda xorijiy davlatlardan kelib tushgan pul o‘tkazmalari hisoblanadi.

Eksportdan kelib tushgan valyuta mablag‘larining banklarga sotilgan hajmi 2 baravar ko‘payib, 4,1 mlrd dollarni tashkil etdi (2017 yilda 2,1 mlrd dollar). Natijada eksportdan kelib tushgan mablag‘larning banklarga sotilgan hajmi 31 foizdan 61 foizga ko‘paydi.

O‘tgan yili aholi tomonidan tijorat banklariga 2,7 mlrd dollar sotilgan bo‘lib, o‘z navbatida ushbu mablag‘lardan 969 mln dollar banklar tomonidan aholiga sotilgan, qolgan 1,7 mlrd dollari yuridik shaxslarning ehtiyojini qondirish uchun sarflandi.

Yil yakuniga kelib sof oltin-valyuta zahiralarining hajmi 26,4 mlrd dollarni tashkil etdi.

Markaziy bankning kurs siyosati ichki valyuta bozoridagi talab va taklifning o‘zaro nisbati asosida shakllanib, valyuta bozorida taklif oshib talab pasaygan davrda almashuv kursining mustahkamlanishi va, aksincha, talab oshib taklif pasaygan hollarda uning pasayishi kuzatildi.

2018 yil mobaynida milliy valyuta kursi xorijiy valyutaga bo‘lgan talab va taklif shakllanishiga ta’sir etuvchi mavsumiy omillar asosida o‘zgarib keldi.

Natijada, 2018 yil oxiriga kelib milliy valyutaning almashuv kursi yil boshiga nisbatan 2,7 foizga (8120 so‘mdan 8339 so‘mgacha) pasayib, yil mobaynida kursning minimal va maksimal miqdori o‘rtasida o‘zgarishi 7,3 foizni (avgust oyida — 7781 so‘m, dekabr oyida- 8348 so‘m) tashkil etdi.