O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirining 2018 yil 26 dekabrdagi «Umumiy o‘rta ta’lim muassasasining kuzatuv kengashi haqidagi namunaviy nizomni tasdiqlash to‘g‘risida"gi 16-son buyrug‘i (O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2019 yil 11 yanvarda 3118-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan) asosida umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida kuzatuv kengashi faoliyatini tashkil etilishi belgilangan. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Shu bois, 2019 yil 23 yanvar kuni Toshkent shahridagi ta’lim muassasalari direktorlari uchun Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 64-sonli va Chilonzor tumanidagi 217-sonli maktablarda umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida kuzatuv kengashi a’zolarini belgilangan tartibda saylash va kengashning dastlabki namunaviy ta’sis yig‘ilishlari o‘tkazildi.

Mazkur yig‘ilishda Xalq ta’limi vazirligi va Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi tomonidan kuzatuv kengashi faoliyatini to‘g‘ri tashkil etish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi. Jumladan, ta’lim muassasalarida Vasiylik kengashi faoliyati tugatilib, kuzatuv kengashlari faoliyatini tashkil etish maqsadi, ta’lim jarayonining shaffofligini ta’minlash, jamoatchilik ta’sirini kuchaytirish, o‘quvchilarning sifatli ta’lim olishlari, ularga tegishli shart-sharoitlar yaratish hamda ta’lim-tarbiya jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash ekanligi ta’kidlab o‘tildi.

Umumiy o‘rta ta’lim muassasasining kuzatuv kengashi 7 kishidan kam bo‘lmagan toq sondan iborat tarkibda tuziladi. Kengash a’zolarining soni cheklanmaydi. Kengashga ota-onalar, sobiq bitiruvchilar va nafaqadagi sobiq pedagoglar, homiylar va jamoat vakillari kirishlari mumkin.

Shuningdek, kuzatuv kengashini ta’sis etish, kengash tarkibini va uning rahbar organlarini saylash yig‘ilishlarini uch bosqichda o‘tkazish lozim bo‘ladi.