Alisher Saidabbosovich Sultonov bosh vazir o‘rinbosari — Geologiya, yoqilg‘i-energetika kompleksi, kimyo, neft-kimyo va metallurgiya sanoati masalalari kompleksi rahbari lavozimidan ozod qilindi. U yangi tashkil etilgan Energetika vazirligiga rahbar bo‘ldi, deya xabar qildi «Gazeta.uz"ning hukumatdagi axborot manbasi.

«O‘zbekenergo», «O‘zbekneftgaz» va «O‘zbekgidroenergo» kompaniyalarining energetika sohasidagi davlat boshqaruv vakolati prezidentning 23 oktyabrdagi elektroenergetika sohasini rivojlantirish va moliyaviy barqarorligini ta’minlashni jadallashtirish to‘g‘risidagi qarorida tashkil etilishi ko‘zda tutilgan yangi vazirlikka berilmoqda.

Energetika vazirligi yoqilg‘i-energetika majmuasi faoliyatini tashkil etish va boshqarish bo‘yicha barcha masalalar uchun javobgar hisoblanadi.

Martga qadar elektr energiyasini ishlab chiqarish, taqsimlash va sotishning zamonaviy tizimlarini ishlab chiqish, bunda elektr energiyasini ishlab chiqarishuvchi va taqsimlovchi korxonalarga xususiy, shu jumladan xorijiy, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni davlat-xususiy sherikchilik shartlari asosidagi hamkorlikni ko‘zda tutgan holda jalb qilish belgilangan.

Alisher Sultonov (1967 yilda tug‘ilgan) A. F. Mojayskiy nomidagi harbiy-muhandislik institutini tamomlagan (1989). 1996−1998 yillarda «O‘zneftqaytaishlash» kompaniyasi Buxoro neftni qayta ishlash zavodi qurilishi bo‘yicha shartnomani bajarish bo‘yicha direksiyasining uskuna va qurilmalarni tayyorlash hamda qabul qilishni nazorat qilish bo‘yicha bosh mutaxassis lavozimida ishlagan.

1998−1999 yillarda Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi qurilishida bosh mutaxassis, 1999−2002 yillarda — «O‘zbekneftgaz» kompaniyasi Sho‘rtan qurilishi boshqarmasi boshlig‘i sifatida ishlagan.

«Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi» unitar sho‘’ba korxonasiga rahbarlik qildi (2002−2013). 2013−2015 yillarda «O‘zbekneftgaz» Prognozlashtirish, resurslar va investitsion dasturlar bosh boshqarmasi boshlig‘i — boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari, 2015−2018 yillarda — «O‘zbekneftgaz» boshqaruvi raisi lavozimlarida faoliyat ko‘rsatdi.

2017 yil 1 noyabridan bosh vazir o‘rinbosari lavozimini egallab kelayotgan edi.

Avvalroq prezident qarori bilan bosh vazir o‘rinbosarlari soni sakkiztadan beshtaga qisqartirilib, ikkita maslahatchi lavozimi joriy etilgan edi.