Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari DXX chegara qo‘shinlari xodimlari bilan hamkorlikda O‘zbekiston hududiga yirik miqdordagi tamaki mahsulotlarini noqonuniy olib kirishga uringan shaxsning qilmishlarini fosh etdi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Bekobod tumanidagi chegara hududida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida tun qorong‘usida og‘ir qopni ko‘targancha chegaradosh hududda izg‘ib yurgan shaxs hushyor xodimlar tomonidan qo‘lga olindi.

Aniqlanishicha, ushbu shaxs 1990 yilda tug‘ilgan, fuqaro F.X. bo‘lib, u O‘zbekiston hududiga umumiy qiymati 210 mln. so‘mlik, jami 9590 quti tamaki mahsulotlarini bojxona to‘lovlarni to‘lamasdan olib kirishga uringan ekan.

Xorijda ishlab chiqarilgan va aksiz markasi bilan markalanmagan «Business Royals» nomli ushbu tamaki mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.