O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Farg‘ona shahrida «ma’nan eskirgan uylar"ning buzilayotgani hamda mazkur hududda Janubiy Koreya kompaniyasi investitsiyasi asosida besh yulduzli mehmonxona va zamonaviy ko‘p qavatli turar joy komplekslari qurilishi yuzasidan yana bir bor bayonot berdi. Undan avvalroq esa «Gazeta.uz» Farg‘ona markazidagi uylar aholi noroziligiga qaramasdan buzilishda davom etayotgani, hattoki A.Navoiy ko‘chasidagi odamlar yashab turgan 32-uy devorlari ekskvatorlar yordamida qulatilayotgani haqida yozgan edi.

Bosh prokuratura bayonotida qayd etilishicha, 31 yanvar holatiga 57 ta xonadon egasi yangi ko‘chirilgan. Hozirda buzilishga tushgan uylarning 8 ta xonadonida fuqarolar yashab kelmoqda, ularni boshqa joyga ko‘chirish uchun yangi turar-joy binosi ajratish choralari ko‘rilmoqda.

Bundan tashqari, hududdagi buzilishi rejalashtirilgan 6 ta uydagi 57 nafar xonadon egalari o‘z uylarida yashab kelmoqda. Ko‘chirilmagan jami 65 ta xonadon egalarini yangi turar-joy bilan ta’minlangunga qadar buzilish ishlari to‘xtatilgan.

Uylari buzilishga tushgan fuqarolarni ko‘chirish ishlari mutaxassislar ishtirokida o‘rganilib, qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yilmagani aniqlanib, shahar hokimining 8 yanvardagi qaroriga nisbatan protest keltirish uchun asoslar bo‘lmadi.

Shuningdek, shahar hokimi X.Xabibidinovga 8 nafar xonadon egalari bilan Vazirlar Mahkamasi qarorida belgilangan tartibda kelishuv bitimi tuzgandan so‘ng ko‘chirish ishlarini amalga oshirish majburiyati yuklatildi.

Farg‘ona viloyat hokimiligi delegatsiyasining 2018 yil 23−26 iyul kunlari Koreya Respublikasiga amalga oshirgan xizmat safari natijasida viloyat hokimligi va «Chung Construction Design Group» kompaniyasi o‘rtasida Farg‘ona shahrida besh yulduzli mehmonxona va zamonaviy ko‘p qavatli turar joy komplekslarini loyihalash va qurish bo‘yicha erishilgan dastlabki kelishuv bo‘yicha muzokaralar olib borilib, memorandum imzolangan.

Qayd etilgan memorandumga ko‘ra, 25 yanvar kuni kompaniya vakillari Farg‘ona viloyatiga tashrif buyurib, Farg‘onada «Fergana Kompleks-Siti» loyihasini amalga oshirish bo‘yicha og‘zaki yakuniy kelishuvga erishilgan.

Unga ko‘ra, koreys kompaniyasi tomonidan Farg‘ona shahar, A.Navoiy ko‘chasida 20,9 ming kv m maydonda jami qiymati 98,5 mln dollarlik 500 o‘rindan iborat 21 va 18 qavatli mehmonxona-rezidensiya, 10 qavatli biznes markaz, savdo majmuasi va to‘yxona qurish bo‘yicha loyiha taqdim etilishi ma’lum qilingan.

Kompaniya tomonidan loyihani amalga oshirish uchun 25 yanvar kuni Farg‘ona shahrida «Chung group — TGDG» nomi bilan yangi xorijiy korxonasi tashkil qilinib, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.

Kompaniya tomonidan shu kunga qadar rasmiy ravishda loyiha taqdim etilmagan va A.Navoiy ko‘chasida buzilayotgan bino-inshootlar o‘rnini «Chung Construction Design Group» kompaniyasiga ajratib berish haqida viloyat yoki shahar hokimining qarori qabul qilinmagan, deyiladi xabarda.