2 fevral kuni Milliy olimpiya qo‘mitasida O‘zbekiston boks federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Tashkil etilgan hisobot-saylov Konferensiyasi kun tartibidan o‘rin olgan eng asosiy masala O‘zbekiston boks federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosarini saylashdan iborat edi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

Konferensiyada ushbu mas’uliyatli lavozimga Saken Jetibayevich Po‘latov nomzodi ilgari surildi. Ma’lumot uchun, S.Po‘latov 1975 yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Ma’lumoti oliy. «Orient Finans Bank» boshqaruv kengashi raisi. Bir necha yildan buyon sport sohasida, jumladan Toshkentning «Lokomotiv» futbol klubi tizimida faoliyat olib boradi. Uning qo‘l ostida «Lokomotiv» jamoasi qisqa muddat ichida yurtimizning yetakchi jamoalardan biriga aylanib ulgurdi.

Mazkur nomzod konferensiya ishtirokchilari tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi. Shu tariqa, Saken Po‘latov O‘zbekiston boks federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga saylandi.

«Avvalambor bildirilgan ishonch uchun barchaga rahmat aytmoqchiman. Nasib qilsa, hali katta yutuqlarga erishamiz. Buning uchun albatta birgalikda, hamjihatlikda ish olib borishimiz lozim», — dedi Saken Po‘latov.

MOQ prezidenti Umid Ahmadjonov ham Saken Po‘latov haqida iliq fikrlarni bildirib o‘tdi.