O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1 fevral kuni bankrotlik taomillarini yanada soddalashtirish va sud boshqaruvchilari faoliyatini tubdan takomillashtirish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

1 iyuldan boshlab shunday tartib joriy etiladiki, unga ko‘ra davlat soliq xizmati organlari soliq va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzdorlikni undirish imkoniyati bo‘lmaganligi sababli ijro hujjatlari qaytarilgan kundan boshlab 30 kundan kechiktirmasdan qarzdorni bankrot deb topish to‘g‘risidagi ariza bilan sudga murojaat qiladi.

Bankrotlik to‘g‘risidagi ish bankrotlik alomatlari mavjud bo‘lgan taqdirda, agar qarzdor yuridik shaxsga nisbatan jami talablar summasi eng kam ish haqi miqdorining kamida uch yuz karrasini tashkil etadigan bo‘lsa, qarzdor yakka tartibdagi tadbirkorga yoki yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yo‘qotgan jismoniy shaxsga nisbatan esa eng kam ish haqi miqdorining kamida yigirma karrasinitashkil etadigan bo‘lsa, sud tomonidan qo‘zg‘atilishi mumkin.

Tugatishga doir ish yuritish muddati to‘qqiz oydan oshmasligi lozim, alohida hollarda ushbu muddat bankrotlik to‘g‘risidagi ishda ishtirok etayotgan shaxslarning iltimosnomasiga asosan sud qarori bilan uch oydan oshmagan muddatga uzaytirilishi mumkin.

Benefitsiar va affillangan shaxslarning birgalikdagi xatti-harakatlari oqibatida soxta bankrotlik, bankrotlikni yashirish yoki qasddan bankrotlikka olib kelish alomatlari aniqlanganligi to‘g‘risida sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi mazkur shaxslarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda subsidiar javobgarlikka tortish uchun asos hisoblanadi.

Bankrotlik taomillari qo‘llanilgan qarzdorlarning mol-mulki sud boshqaruvchilari tomonidan «E-IJRO AUKSION» yagona elektron savdo maydonchasida elektron onlayn-auksion orqali sotiladi.

1 martdan O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Biznes va boshqaruv respublika oliy maktabida sud boshqaruvchisi attestatini olishga talabgorlarni maxsus dastur bo‘yicha shartnoma asosida o‘qitishni ko‘zda tutuvchi maxsus kurslar tashkil etiladi. Tegishli toifadagi sud boshqaruvchisi attestatini olish uchun asos bo‘ladigan o‘qishni tugatganlik to‘g‘risidagi guvohnoma beriladi.

1 maydan davlat soliq xizmati organlarining arizalari bo‘yicha qo‘zg‘atilgan bankrotlikning soddalashtirilgan taomillarini o‘tkazishda sud boshqaruvchilarini davlat soliq xizmati organlari xodimlari orasidan tayinlash amaliyoti bekor qilinadi.

Ushbu sanadan boshlab shunday tartib joriy qilinadiki, unga muvofiq davlat soliq xizmati organlarining arizalari bo‘yicha qo‘zg‘atilgan bankrotlikning soddalashtirilgan taomillarini o‘tkazishda to‘rtinchi toifali sud boshqaruvchisi attestatiga ega bo‘lgan va O‘zbekiston sud boshqaruvchilari assotsiatsiyasi a’zolari hisoblangan shaxslar sud boshqaruvchisi etib tayinlanadi.

Qarzdor turgan joydagi tuman (shahar) soliq inspeksiyasining qaroriga asosan, har bir yakunlangan tugatishga doir ish bo‘yicha Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan sud boshqaruvchilariga EKIHning 20 baravari miqdorida haq to‘lanadi.

Soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzdorlikni uzishda to‘langan qarz summasining 5 foizi miqdorida sud boshqaruvchilariga qo‘shimcha haq to‘lanadi.

Sud boshqaruvchilarining faoliyati «fuqarolik va iqtisodiy sud ishlarini yuritish» ixtisoslashuvi bo‘yicha litsenziyaga ega bo‘lgan va sud boshqaruvchisi attestatini olgan advokatlar tomonidan ham amalga oshirilishi mumkin.

Sud boshqaruvchilarini tayinlash kreditor (kreditorlarning umumiy yig‘ilishi yoki qo‘mitasi) yoki bankrotlik ishlari bo‘yicha vakolatli davlat organi yoxud Assotsiatsiya va uning hududiy tuzilmalari taqdimnomasi bo‘yicha sud boshqaruvchilari faoliyatini reyting baholashni hisobga olgan holda sud tomonidan amalga oshiriladi.

Bosh prokuraturaga Oliy sud bilan birgalikda 1 martga qadar muddatda soxta bankrotlik, bankrotlikni yashirganlik va qasddan bankrotlikka olib kelganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritish topshirildi.

1 mayga qadar muddatda ilg‘or xorijiy tajribani inobatga olgan holda, yangi tahrirdagi «Bankrotlik to‘g‘risida"gi qonun loyihasi ishlab chiqilishi lozim.