O‘zbekiston mudofaa vaziri 29−30 yanvar kunlari Florida shtatidagi Tampa shahrida AQSH Qurolli Kuchlari Markaziy qo‘mondonligi rahbariyati bilan uchrashdi, deya xabar qildi mudofaa mahkamasi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

Avval xabar qilinganidek, 26 yanvar kunlari mudofaa vaziri boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi «Janubiy zarba» qo‘shma mashg‘ulotlari jarayonini kuzatgan, unda O‘zbekiston maxsus harbiy xizmatchilari ham ishtirok etgan edi.

Uchrashuvda tomonlar Markaziy Osiyo mintaqasi va butun dunyodagi tinchlik va barqarorlikni ta’minlash masalalarini muhokama qildi.

Bundan tashqari, harbiy kadrlarni tayyorlash, qo‘shma va xalqaro o‘quvlar, treninglar o‘tkazish sohalarida hamkorlik, shuningdek ikki davlat mudofaa mahkamalari o‘rtasidagi harbiy hamkorlikni rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi.

AQSH Qurolli Kuchlari Markaziy qo‘mondonligida o‘zbek delegatsiyasi Strategik tahlil qo‘shma guruhi va Koalitsion muvofiqlashtirish markazi faoliyati bilan ham tanishdi. Shu bilan rasmiy tashrif yakuniga yetdi.