Iqtisodiyot va sanoat vazirining birinchi o‘rinbosari Ravshan G‘ulomov Turkiyaning Demir Group kompaniyasi rahbari Ahmet Damirning «Xalq so‘zi» gazetasiga bergan intervyusidagi «Chorsu» mehmonxonasini rekonstruksiya qilish loyihasini amalga oshirishdagi muammolar to‘g‘risidagi bayonoti yuzasidan izoh berdi.

«Eng katta muammoimiz — qog‘ozbozlik. Masalan, bir paytlar aytib o‘tganimdek, bizga qo‘shimcha yer kerak. Chunki mehmonxona kamida to‘rt yulduzli bo‘lib, 350 ta xonadan iborat bo‘ladi. Xorijlik hamkorlarimiz bunday yirik inshootda namunali xizmat ko‘rsatish uchun 2 gektarlik maydon kamlik qilishini aytishgandi. Shundan so‘ng biz Toshkent shahar hokimiyati va boshqa mutasaddilarga qo‘shimcha yer maydoni ajratish bo‘yicha murojaat etgandik. Natijada yana 3 gektar yer qo‘shib berilishini va’da qilinib, bu haqda davlat rahbarining qarori ham chiqdi», — degan edi tadbirkor.

Ahmet Demir o‘sha qaror hanuz bajarilmagani, natijada ishlar sustlashganini ta’kidlab o‘tdi. «Eng yomoni, bankdan kredit ololmayapmiz. Bankka ikkita kadastr hujjatini ko‘tarib borib, kredit so‘rasam, „Biznes-rejangizda ko‘rsatilgan mana bu hududning hujjati qani?“ deyishadi. „Mutasaddi idoralar keyin qilib berar ekan“, deyman. Ammo ular ham chetdan kelmagan, shu yurtning fuqarolari. Yaxshi bilishadiki, „Keyin qilib beriladi“, degani ba’zan „Hech qachon qilib berilmaydi“, deganini anglatadi», — deydi Ahmet Demir.

Ravshan G‘ulomov Ahmet Demirning bevosita tilga olgani yo‘q, ammo «Chorsu» mehmonxonasi investori o‘z majburiyatlarini bajarmaganini aytib o‘tdi.

«Mana — Tashkent City. U amalga oshirilmoqda, lotlar ado etilayapti. Yarim kilometrcha masofada — „Chorsu“ mehmonxonasi. 20 yillik uzoq qurilish. Turli tarixlar bo‘ldi. ikki yil oldin turk investoriga bepulga berildi. U hech narsa qilmadi. Katta va’dalar bo‘ldi, 30 mln dollar chet el investitsiyasi va’da qilindi. Natijani ko‘rib turibmiz. Buni bajarish o‘rniga, ikki yil shunchaki o‘tdi, hozir internetga chiqib: „Menga o‘zbek banklari pul bermadi, shuning uchun barchasi barbod bo‘ldi“, — demoqda. O‘zbek banklarining nima aloqasi bor bu yerda?», — dedi Ravshan G‘ulomov.

2017 yilda turk kompaniyasi uzoq yillardan buyon bo‘sh turgan sobiq «Chorsu» mehmonxona majmuasi bino va inshootlari hamda shu nomdagi maydonni «nol» qiymatda sotib olgan edi. Loyiha qiymati 33 mln dollarni tashkil etib, 2019 yil so‘ngiga qadar foydalanishga topshirilishi lozim edi.

Video