Qozog‘iston Qirg‘iziston va O‘zbekistonning tegishli organlari bilan kelishmagan holda «Toshkent-Bishkek-Toshkent» xalqaro avtobus yo‘nalishi bo‘yicha avtobuslarning tranzit qatnovini vaqtincha to‘xtatdi. Bu haqda 24.kg agentligi Qirg‘iziston Transport va yo‘llar vazirligiga tayanib xabar qildi.

O‘zbekiston avtomobil transporti agentligi mazkur holat yuzasidan bayonot berdi. Xabarda qayd etilishicha, yangi ochilgan xalqaro avtobus yo‘nalishi harakat jadvaliga qish mavsumida Qirg‘iziston tomonidan o‘zgartirish kiritilgani, buning natijasida ushbu qatnov «Darxan- Bishkek» harakat jadvaliga mos kelib qolganini. Bu esa, o‘z navbatida, yo‘lovchilar oqimiga ta’sir etib, Qirg‘iziston va Qozog‘iston tashuvchilari o‘rtasida bahsga sabab bo‘lgan.

Qozog‘iston tomoni mazkur masalaga oydinlik kiritish va ikki tomon tashuvchilari manfaatlarini hisobga olgan holda Toshkent- Bishkek yo‘nalishining harakat jadvaliga o‘zgartirish kiritilgunga qadar avtobuslar harakatlanishini vaqtinchalik to‘xtatgan. Hozirda Qirg‘iziston tomoni Bishkekdan avtobuslarning chiqish vaqtiga o‘zgartirish kiritish borasida ish olib bormoqda.

«Kelajakda bu kabi muammolarning yuzaga kelmaslgi maqsadida Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekistoning vakolatli davlat organlari tomonidan muzokaralar olib borilmoqda», — deyiladi xabarda.