Toshkent hokimiyati tomonidan «Poytaxt bank» ta’sis etilishi bank qonunchiligi talablarining buzilishi hisoblanmaydi, dedi O‘zbekiston Markaziy banki raisining birinchi o‘rinbosari Timur Ishmetov «Gazeta.uz» muxbiri savoliga javob berar ekan.

Avvalroq Uzmetronom.com nashri «Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida"gi qonunga ko‘ra, yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan chet ellik yuridik va jismoniy shaxslar bank muassislari bo‘lishi mumkin, basharti, qonun hujjatlarida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, davlat hokimiyati organlari, jamoat birlashmalari va jamoat fondlari bundan mustasno ekaniga e’tibor qaratgan edi.

Timur Ishmetov qonun hujjatlarida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, degan jumlaga e’tibor qaratib, davlat boshqaruv organlari ham muassis bo‘la olishini ma’lum qildi.

«2017 yilda prezident qarori („2017−2021 yillarda Toshkent shahrida ko‘p qavatli arzon uylarni qurish miqyosini kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida“ — tahr.) qabul qilingan edi. Bu avvalgi hokim davrida edi, ya’ni bu hozirgi hokimiyat tashabbusi emas. Bir yarim yilda qaror talabi hokimiyatda mablag‘ yo‘qligi sababli ijro etilmadi. Hozir, eng kam miqdordagi ustav kapital to‘planganidan so‘ng bankni ochishdi. Qonunchilik nuqtai nazaridan bu yerda qonun buzilishi holatlari yo‘q», — dedi MB raisining birinchi o‘rinbosari.

U Markaziy bank bank rahbariyati oldiga kuzatuv kengashi tarkibini qayta ko‘rib chiqish talabi qo‘yilganini aytib o‘tdi.

«[Boshqaruv tarkibi] bo‘yicha savollarimiz yo‘q. Bank kengashi masalasida esa uni to‘liq qayta ko‘rib chiqishni talab qildik. U asosan hokimiyat xodimlaridan tarkib topgan, — dedi Timur Ishmetov. — Biz kuzatuv kengashining yarmidan ko‘pi davlat xizmatchisi bo‘lmagan va hokimiyat bilan hech qanday aloqadorligi yo‘q bank sohasida tajribaga, tegishli malakaga ega shaxslardan tarkib topishi lozimligini talab qildik».

«Poytaxt bank» rahbariyati qisqa vaqt ichida kengashning yangi tarkibini taqdim etishni rejalashtirgan.

«Agar [tarkib] yana bizni qanoatlantirmasa, biz uni tuzatishni talab qilaveramiz», — deya ishonch bildirdi Timur Ishmetov.

«Poytaxt bank» 2018 yil 29 dekabr kuni litsenziyaga ega bo‘lib, o‘z faoliyatini 10 yanvar kuni boshladi. Bank ustav kapitali 100 foiz poytaxt hokimiyati mablag‘lari hisobidan shakllantirilib, 100 mlrd so‘mni tashkil etadi.