Milliy gvardiya O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi vazifalarini takrorlamaydi, dedi IIV Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi boshlig‘i general-mayor Qutbiddin Burxonov chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda «Gazeta.uz» muxbiri savoliga javob berar ekan.

«Ichki ishlar vazirligiga jamoat tartibini ta’minlash va qo‘riqlash vazifasi topshirilgan. Milliy gvardiya esa prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etildi. Ular — harbiy xizmatchilar, ularning ham harbiy unvonlari, harbiy formalari bor. Aholimiz hayotini yaxshilash uchun prezident Milliy gvardiya tarkibining bir qismini jamoatchilik tartibini saqlashga jalb etishga qaror qildi. Aslida ularning boshqa vazifalari mavjud», — dedi u.

«[Milliy gvardiyada] asosan sportchilar, jangovar do‘stlarimiz xizmat qiladi. Prezident himoyasi ham Milliy gvardiyadan tarkib topgan, boshqa davlat organlarida ham ular turishadi. Qaysi kuchlar jalb etilmasin, O‘zbekistondagi osoyishtalikni saqlash — asosiy vazifa», — dedi IIV matbuot xizmati rahbari. «Asosiysi — natija», — deya qo‘shimcha qildi u.

Milliy gvardiya, bu — maxsus harbiy bo‘linma bo‘lib, uning faoliyati jamiyat va davlat xavfsizligini ta’minlash, inson huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarish, aholini turli terrorchilik xatarlaridan, jinoiy va boshqa noqonuniy xatti-harakatlardan himoya qilishga qaratilgan.

Har bir shahar va viloyatda xavfsiz hudud loyihasini amalga oshirish, jamoat tartibini saqlash uchun Ichki ishlar vazirligi bilan birga Milliy gvardiya mas’ul va javobgar etib belgilandi.