Toshkent hokimiyati, shuningdek Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Iqtisodiyot va sanoat vazirligi payshanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Tashkent City loyihasi va O‘zbekistondagi boshqa investitsion loyihalarda yosh xorij kompaniyalari ishtirokiga oid savollarga javob berdi.

Britaniyaning Open Demokracy nashri yaqinda o‘tkazgan izlanishlarida Tashkent City 3-lotining asosiy investori hisoblangan Germaniyaning Hyper Partners kompaniyasining (Ditsenbaxda 2018 yil 22 yanvarda ro‘yxatga olingan) yagona egasi 19 yoshda ekanini aniqlagan edi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri o‘rinbosari Laziz Qudratov bir-bir yarim yil avval tashkil etilgan kompaniyalar — dunyo amaliyotida odatiy hol ekanini qayd etdi.

«Bu oddiy amaliyot, u butun dunyoda qo‘llaniladi. Ko‘plab kompaniyalar qandaydir loyihani amalga oshirish uun yangi tuzilmalarni tashkil etadi… Shunday atama bor — special purpose vehicle (SPV/loyiha kompaniyasi — tahr.). Bu kabi loyihalarning moliyaviy boshqaruvi, soliq to‘lovlarini yanada samarali tashkil etish uchun asosiy kompaniyalar sho‘’ba tuzilmalarini tashkil etadi, Hyper Partners ham shular jumlasidan», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston kompaniyalar ta’sischilari to‘g‘risida qo‘shimcha ma’lumotlarni talab qilishga haqli emas.

«Qonun bo‘yicha biz muassislar to‘g‘risida qo‘shimcha ma’lumotlarni talab qilishga haqqimiz yo‘q. Biz investorlar mablag‘ kiritishi uchun shartlar qo‘yamiz, loyihani amalga oshirish bo‘yicha yuridik majburiyatlarni zimmamizga oldik, hujjatlarga imzo qo‘ydik va ular ishlay olishadi», — dedi Laziz Qudratov.

«Biz 700 dan ortiq muzokaralar olib bordik, ushbu loyihaga ishonadigan investor topish juda qiyin bo‘ldi. Shuning uchun biz Germaniya kompaniyasidan bunday taklifni olganimizdan so‘ng: „Xush kelibsiz“, dedik», — deya qo‘shimcha qildi vazir o‘rinbosari.

Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev asosiy vazifa, bu — Tashkent City loyihasini amalga oshirish ekanini ta’kidlab o‘tdi.

«Bu kompaniya kecha yoki kechadan oldingi kun tashkil etilgani muhim emas. Biroq men loyiha amalga oshirilayotganini ko‘rsatishim mumkin. Ular ishni boshladi, ulardan pullarni qayerdan olganlari, ular bank orqali qanday kelganini so‘rash bizning vakolatimizga kirmaydi. Eng asosiysi — loyiha amalga oshirilmoqda, eng asosiysi — xorij kompaniyasi bozorimizga mablag‘ kiritmoqda. Agarda har bir investordan benifitsiarini so‘rasak, O‘zbekiston darvozasini yopaversak bo‘ladi, bu yerga hech kim kelmaydi», — dedi Toshkent ma’muriyati rahbari.