Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev o‘zi asos solgan Akfa kompaniyasiga egalik qilishda davom etadi, boshqaruv esa boshqa shaxslarga berilgan. Bu haqda poytaxt ma’muriyati rahbari payshanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Avvalroq Britaniyaning Open Democracy kompaniyasi o‘z tekshiruvlari asosida Tashkent City loyihasida ishtirok etayotgan ayrim kompaniyalar Jahongir Ortiqxo‘jayev bilan bog‘liq ekanini ma’lum qilgan edi.

Hokim Akfa kompaniyasi aksiyalariga egalik qilishini tasdiqladi, ammo uni boshqarmasligini aytib o‘tdi.

«Akfa — mening 20 yillik kompaniyam. Tan olaman, men hatto tushimda ham hokim bo‘lishimni tasavvur qilmagan edim. Yarim soat oldin eshitganman hokim bo‘lishimni, — dedi u. — Ammo 20 yillik kompaniyani, to‘g‘risini aytaman, 31 ming ishchisi bilan shunday tashlab ketish…»

«Prezidentimiz shu yerda orttirgan tajribalarim uchun meni rahbar, hokim etib tayinladi. Bu yerdagi boshqaruvni boshqa insonlarga, shogirdlarga ber degan talab bo‘lgan, lekin hissangni ber, degan talab bo‘lmagan», — dedi hokim.

«Agar cho‘ntagimda Boeing aksiyasi bo‘lsa, nima deb o‘ylaysiz, uni ham hokim bo‘ldim deb bervorishim kerakmi? Yoki Apple aksiyasi bo‘lsa qo‘limda? Men u kompaniya ishini boshqarmayman. Hokim bo‘ldim deb sotishim kerakmi?» — deya savol berdi u.

«Akfa — O‘zbekistondagi katta kompaniya. O‘zbekistonda shuncha taraqqiyot, rivojlanish bo‘layotgan vaqtda Akfa kompaniyasi ham chetda qarab turishga haqqi yo‘q. U ham O‘zbekistonda, Toshkentda obro‘ga, qudratga, o‘z kuchiga ega va iqtisodiy rivojlangan kompaniya hisoblanadi. O‘z o‘rnida, prezidentimiz Toshkentda kongress-xoll va mehmonxona qurish kerak, deya taklif bildirdilar. O‘zbekistonda katta anjumanlarni o‘tkazish uchun yetarli darajadagi kongress-xoll».

Tashkent City loyihasi doirasida kongress-xoll qurilishida Akfa Dream World (Akfa Group tarkibidagi kompaniya) ishtiroki haqida to‘xtalar ekan, Jahongir Ortiqxo‘jayev ob’ekt qurib bitkazilgach, hukumatga topshirilishini ma’lum qildi. «Bundan daromad manbai sifatida foydalanilmaydi», — deya ta’kidladi poytaxt ma’muriyati rahbari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Tashkent City kabi yirik miqyosli loyihani o‘z qo‘liga olishga qodir kompaniya O‘zbekistonda shu vaqtgacha bo‘lmagan.

«Tashkent City rahbari bo‘lgan vaqtim (hokim v. b. etib tayinlanguniga qadar — tahr.) davlat rahbari taklifi bilan men qurilishni uch yil ichida tamomlashim kerak edi. Men 700 investor bilan uchrashdim. Birortasi ham rozi bo‘lmadi, chunki bu joy jozibador ko‘rinmadi. Birorta ham kompaniya bu loyihani uch yilda amalga oshirish mumkinligiga ishonmadi», — dedi u.

Shu munosabat bilan Jahongir Ortiqxo‘jayev milliy kompaniyalarga murojaat qildi. «Keyin men o‘zim bilgan yirik kompaniyalarga — Murad Buildings (4-lot), Real House (2- lot) murojaat qildim. Bu joyning jozibadorligini tushuntirdim. Qanchalik qiyin bo‘lmasin, ular rozi bo‘lishdi. Men O‘zbekistonda bu kabi mard kompaniyalar ko‘proq bo‘lishini istardim», — dedi u.

Hokim Tashkent City loyihasining barcha ishtirokchilari uchun bir xil shartlar taklik etilganini ta’kidladi.

«Boshqa investorlarga kelsak, mahalliy kompaniyalardan Family Group bor. Uchta milliy bank bor. Tan olaman, banklar ham avvaliga ishonishmadi. Men banklarga bordim, boshqaruv bilan gaplashdim, istiqbollarni tushuntirdim. Yakunda uylar buzilib, odamlar ko‘chishni, binolar qurilishi boshlanganidan keyin banklar ham joy olishni boshladi. Biroq barcha ishtirokchilar uchun shartlar bir xil: 1 sotix — 20 ming dollar yoki bir gektar — 2 mln dollar. Barcha uchun bir xil summa», — dedi u.