GM Uzbekistan kompaniyasi yangi avtomobillarga kafolatli xizmat ko‘rsatish muddatini 1 yildan 3 yilga yoki 20 mingdan 100 ming km masofaga qadar uzaytiradi, deya xabar qildi kompaniya matbuot xizmati.

Kafolat muddati avtomobilning egasi bilan bog‘liq bo‘lmaydi, ya’ni ushbu davr mobaynida avtomobil egasi o‘zgarsa, uning yangi egasi ham ushbu kafolat huquqidan foydalana oladi.

Avtomobildan noto‘g‘ri foydalanish, avariya, avtomobilning konstruksiyasi va modifikatsiyasiga o‘zgartirish kiritish yoki ishlab chiqaruvchi tomonidan tavsiya etilmaydigan qo‘shimcha ishlov berilishi yoki jihozlanishi tufayli nosozliklar yuzaga kelgan taqdirda kafolat davri cheklanadi.

Kafolat muddati davomida avtomobilning ishlab chiqaruvchi tomonidan aniqlangan nuqsoni bor qismlarini ta’mirlab berish yoki almashtirish rasmiy xizmat ko‘rsatish markazlari tomonidan bepul amalga oshiriladi. Buning uchun esa avtomobil egasidan avtomobilning ekspluatatsiyasi bo‘yicha barcha shartlar yo‘riqnomaga asosan bajarilgan bo‘lishi talab etiladi.