Davlat stitistika qo‘mitasi aholining 2018 yildagi jami daromadi umumiy hajmini hisoblab, uning tuzilmasini taqdim etdi. Bu haqda Norma.uz xabar berdi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 2018 yil yanvar-dekabr oylarida aholining jami daromadi umumiy hajmida kichik tadbirkorlikning ulushi 62,6 foizni tashkil etgan.

Eng ko‘p hajm Jizzax viloyatiga to‘g‘ri kelgan — 73,2 foiz, eng kami Toshkentga — 51,7 foiz.

Umuman olganda aholi jon boshiga jami daromadning yuqori o‘sish sur’atlari Surxondaryo va Xorazm viloyatlarida kuzatilgan — 11,3 foiz. Jizzax viloyatida — 11,1 foiz, Buxoro viloyatida — 9,9 foiz, Qoraqalpog‘iston Respublikasida — 9,5 foiz, Farg‘ona viloyatida — 9,2 foiz, Navoiy viloyatida — 8,8 foiz va Samarqand viloyatida — 8,5 foiz.

Jami daromadlar umumiy hajmining sezilarli darajada o‘sishi umumiy daromadlar tarkibida 71,1 foiz ulushga ega bo‘lgan mehnat faoliyatidan olingan daromadlarning sezilarli o‘zgarishi hisobiga yuzaga kelgan.

Mehnat faoliyatidan olingan daromadlarning mintaqalar jami daromadi tarkibidagi eng ko‘p ulushi Navoiy viloyatida (84,2 foiz) kuzatilgan. Aksincha, Toshkentda, Xorazm, Samarqand, Namangan, Farg‘ona, Andijon viloyatlari va Qoraqalpog‘istonda respublika bo‘yicha o‘rtacha darajadan past bo‘lgan.