Asia Alliance Bank davlat bankiga aylangani va yaqinda «Poytaxt bank» davlat banki ochilganidan so‘ng bank sektoradiga davlat ulushi 1−2 foizga o‘sib, 83−84 foizni tashkil etdi. Bu haqda O‘zbekiston Markaziy banki raisining birinchi o‘rinbosari Timur Ishmetov «Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.

U O‘zbekiston prezidenti parlamentga murojaatnomasida davlat ulushining yuqoriligi mamlakat bank sektoridagi asosiy muammo ekanini ta’kidlaganidan so‘ng ko‘p o‘tmay Asia Alliance Bank ham davlat kompaniyasiga aylanganiga izoh berdi.

«Asia Alliance Bank xususiy banki aksionerlari davlat oldida qarzdor edi, ushbu qarzlarning bir qismini o‘z mol-mulklari hisobidan to‘lashga qaror qilishdi, — dedi Timur Ishmetov. — Asia Alliance Bank bankida va boshqa mol-mulklarda ularning ulushi mavjud edi. Biz MBda ular o‘z mulklarini davlat foydasiga [Davlat raqobat qo‘mitasi nomiga] qayta rasmiylashtirganlaridan keyin bu haqda bildik».

Eslatib o‘tamiz, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi davlat nomidan Asia Alliance Bank (2009 yilda tashkil topgan) bankining 100 foizlik aksiyalari egasiga aylangan edi. Bunda bank aksiyalarining 45 foizi o‘tgan yil oktyabrida davlat tomonidan sotib olingan edi. Bank aksiyalar emissiyasini o‘tkazdi va davlat muassasalari hisoblangan yangi aksionerlarni jalb qildi.