Prezidentning 2019 yil 28 yanvardagi «Investitsiya va tashqi savdo sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi va Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi negizida O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligini tashkil etilishi belgilangan. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Mazkur hujjatga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligining vakolatli vakillari va Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasining tegishli hududiy bo‘linmalari negizida Vazirlikning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar (shaharlar)dagi hududiy bo‘linmalari tashkil etiladi.

Vazirlik yagona davlat investitsiya siyosatini amalga oshirib, davlat rivojlanish dasturlari va investitsiya dasturlari, shu jumladan, tarmoq va hududiy investitsiya dasturlari ishlab chiqilishi va samarali amalga oshirilishini muvofiqlashtiradi. Xorijiy investitsiyalarni jalb qilish ishlarini muvofiqlashtirish, xalqaro iqtisodiy va moliya institutlari, xorijiy hukumat moliya tashkilotlari bilan ikki tomonlama va ko‘p tomonlama o‘zaro samarali hamkorlikni amalga oshiradi. Davlat organlari va tashkilotlarining, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro hamda xorijiy moliya va iqtisodiy institutlardagi doimiy vakillarining, shuningdek, Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasining xorijiy muassasalarida tashqi iqtisodiy faoliyat masalalari bilan shug‘ullanuvchi xodimlarning faoliyatini muvofiqlashtiradi.

Farmonga ko‘ra, Vazirlik investitsiya va savdo faoliyatiga, shu jumladan, investitsiya loyihalarini amalga oshirishga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan muammolarni o‘rganishni ta’minlaydi. Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari, shuningdek, ustav kapitalida davlat ulushi ustun bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar tashabbusi bilan qiymati 10 million AQSH dollaridan ortiq ekvivalentdagi investitsiyalarni jalb qilish sohasidagi kelishuvlar Vazirlik bilan oldindan kelishilishi shart.