Adliya vazirligi 2018 yilda aholiga ko‘rsatilgan huquqiy xizmatlar turlari haqidagi ma’lumotlarni taqdim etdi.

Xususan, respublikadagi barcha notariuslar tomonidan 2018 yil davomida
4 mln. 282 mingdan ortiq notarial harakat amalga oshirilgan bo‘lib, 2017 yilga nisbatan (5 mln.910 mingdan ortiq) 28 foizga kamaygan.

Eng qiziqarlisi, ushbu statistika Respublikaning barcha davlat notarial idoralari tomonidan bir daqiqada 31 ta notarial harakat amalga oshirilishiga erishilganligini anglatadi.

Ko‘chmas mulk. O‘tgan yilda ko‘chmas mulkni boshqa shaxsga o‘tkazish bilan bog‘liq bitimlar soni 203 525 taga yetgan, ushbu ko‘rsatkich 2017 yilda 165 587 tani tashkil etgan edi. Shundan, uy-joy oldi-sotdi shartnomalari 148 640 ta (2017 yilda 119 871 ta). Uy-joy oldi-sotdi shartnomalari eng ko‘p amalga oshirilgan hudud Toshkent shahri bo‘lsa, eng kam uy-joy oldi-sotdisi Sirdaryo va Xorazm viloyatlariga to‘g‘ri keladi.

Qiziqarli tomoni, Toshkenet shahrining Chilonzor tumanida ofis, maishiy xizmat ko‘rsatish va yashash uchun mo‘ljallangan jamlanma kompleks taraflar o‘rtasida 9 mlrd so‘mdan ortiq bahoga narhlanib oldi-sotdi qilingan.

Avtotransport vositalari bilan bog‘liq notarial harakatlar. 2018 yilda 345 392 ta avtotransport vositasi oldi-sotdi qilindi. Bu esa 2017 yilga nisbatan 7 003 taga yoki 0,5 foizga kam demakdir.

Notariuslar faoliyatidagi avtotransport vositalari oldi-sotdisi bilan bog‘liq 2018 yilda qayd etilgan eng qiziqarli ma’lumotlardan biri Toshkent shahrida 1936 yilda ishlab chiqarilgan «Mersedes Benz» avtotransport vositasi sotildi.

2018 yil davomida avtotransport vositalaridan foydalanish va tasarruf etish huquqi bilan notarial idoralarda 670 717 ta ishonchnoma rasmiylashtirilgan.

Shuningdek, ko‘chmas mulkni tasarruf etish huquqi bilan berilgan ishonchnomalar hisobot davrida 23 183 tani tashkil etdi.

Bundan tashqari

Oilaviy munosabatlarga oid kelishuvlar. Yil davomida respublika notarial idoralarida 219 ta nikoh shartnomalari tuzilgan. Nikoh shartnomasini notarial tasdiqlaganlik uchun davlat bojining bekor qilinishi ushbu turdagi harakatlarning ko‘payish sabablaridan biri bo‘lgan.

To‘lovlar. «Notarius» avtomatlashtirilgan axborot tizimi «Billing» axborot tizimi bilan integratsiya qilinganligi natijasida 2018 yil 1 fevraldan notarial harakatlar uchun to‘lovlar elektron tarzda amalga oshirilib kelinmoqda.

Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari notarial harakatlar uchun to‘lanadigan pullik xizmat to‘lovlaridan ozod qilindi.

Xabaringiz bor, Soliq kodeksining 331-moddasiga asosan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari notarial xizmatlardan foydalanganligi uchun davlat bojini to‘lashdan ozod qilingan. Biroq mazkur shaxslar notarial harakatni rasmiylashtirganda huquqiy maslahat berganlik, hujjatlar loyihasini tuzganlik va mol-mulkka nisbatan taqiq tekshirilganligi uchun notarius tomonidan haq undirilar edi.

Endilikda 2019 yilning 10 yanvaridan boshlab aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari hamda ayrim tashkilotlar notariusga murojaat qilganda huquqiy va texnik tusdagi qo‘shimcha harakatlar uchun haq to‘lashdan ozod qilindi.

Misol uchun, bugunga qadar pensiyadagi shaxs pensiya pullarini olish uchun biror shaxsga ishonchnoma berganda notariuslar tomonidan eng kam oylik ish haqining 15 foizi, ya’ni 30 409 so‘m miqdorida pullik xizmat undirib kelingan edi. Bundan buyon, nafaqadagi shaxs pensiya pullarini olish uchun ishonchnoma berganda notariuslar tomonidan hech qanday to‘lovlar undirilmasligi belgilandi.

Ma’lumot uchun 2018 yil davomida jami 117 102 ta bunday turdagi ishonchnomalar tasdiqlangan bo‘lsa, undiriladigan huquqiy va texnik tusdagi harakatlar uchun to‘lov miqdori 2 mlrd 374 mln so‘mni tashkil etgan.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, notariat instituti jismoniy va yuridik shaxslarga yanada samarali huquqiy xizmatlarini ko‘rsatishda davom etadi.