O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi vitse-prezidenti Komiljon Ro‘ziyev MOQning Yaponiyadagi maslahatchisi Mansur Bahriddinov bilan Tokio jismoniy tarbiya universitetiga tashrif buyurib, ushbu o‘quv yurti prezidenti Kenichi Matsunami bilan ko‘rishdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

Matsunami mehmonlarni qabul qilishdan mamnunligini qayd etar ekan, Tokio jismoniy tarbiya universiteti olimpiada chempionlarini tayyorlash maskani ekanligini alohida ta’kidladi. Universitet bitiruvchilari ichida gimnastika, shuningdek jamoaviy sport turlari bo‘yicha vakillar ko‘pchilikni tashkil etadi.

Tomonlar uchrashuv davomida o‘zbekistonlik sportchilarni basketbol, voleybol kabi jamoaviy sport turlarida munosib tayyorlash, bu borada universitet mutaxassislari bilan hamkorlik qilish masalalarida fikr almashdilar. O‘z navbatida janob Matsunami ushbu hamkorlikdan xursand bo‘lishini aytib o‘tdi.