2018 yilda O‘zbekistonga tashrif buyurgan chet elliklar soni 2017 yilga nisbatan 2,3 barobarga ortib, 2,847 million kishini tashkil etdi. O‘tgan yili xorijga safar qilgan O‘zbekiston fuqarolari soni ham ikki barobarga ortib, bir yil avvalgi 6 million 823,4 ming kishi o‘rniga 13 million 838,6 ming kishiga yetdi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi xabar qildi.

O‘tgan yil MDH davlatlarida O‘zbekistonga 6 million 15,9 ming kishi tashrif buyurdi va mamlakatga kelgan xorijliklarning 93,5 foizini tashkil etdi. Uzoq xorijdan esa O‘zbekistonga 417,1 ming kishi (6,5 foiz) kelgan.

Hamdo‘stlik mamlakatlari O‘zbekiston fuqarolari uchun asosiy yo‘nalish bo‘lib qoldi — 13 million 308 ming kishi (96,2 foiz). Uzoq xorijga 530,6 ming kishi (3,8 foiz) yo‘l olgan.

O‘zbekistonga eng ko‘p Qozog‘iston — 2 million 456,9 ming (38,2 foiz), Tojikiston — 1,7 million (26,4 foiz), Qirg‘iziston — 1,1 million (17,1 foiz), Rossiyadan — 460,2 ming (7,2 foiz) kishi kelgan.

Uzoq xorij mamlakatlari orasida Turkiya — 74,8 ming kishi (1,2 foiz), Xitoy — 37,1 ming (0,6 foiz), Janubiy Koreya — 32,7 ming (0,5 foiz), Hindiston — 22,2 ming (0,3 foiz), Germaniya — 19,1 ming (0,3 foiz) va Yaponiya — 17,2 ming (0,3 fiz) kishi bilan yuqori o‘rinlarni band etdi.

Chet elga ketgan O‘zbekiston fuqarolarining asosiy qismi MDH davlatlaridan Qozog‘iston — 7 million 139,8 ming (51,6 foiz), Qirg‘iziston — 3 million 196,8 ming kishi (23,1 foiz) va Rossiya — 1 million 178,7 ming kishi (8,5 foiz) hissasiga to‘g‘ri kelgan. Uzoq xorijiy davlatlardan esa Janubiy Koreyaga (79,7 ming kishi), Xitoy (35,5 ming), AQSH (20,6 ming), Germaniyaga (12 ming) tashrif buyurgan.

O‘zbekistonga kelgan chet el fuqarolarining asosiy safar maqsadlari qarindoshlarni yo‘qlash 73,2 foizni tashkil etadi. Keyingi o‘rinlarda sayyohlik maqsadida — 7,1 foiz, xizmat yuzasidan — 0,9 foiz, davolanish maqsadida 0,8 foiz va o‘qish maqsadida 0,2 foiz. O‘zbekistonga kelgan chet el /fuqarolarining 53,1 foizi erkaklar, 46,9 foizi ayollarni tashkil etadi.

Chet elga ketgan O‘zbekiston fuqarolarining asosiy safar maqsadi qarindoshlarni borib ko‘rish — 57,6 foiz. Keyingi o‘rinda esa sayyohlik maqsadida — 2,9 foiz, o‘qish maqsadida — 0,8 foiz, davolanish, xizmat yuzasidan — 0,4 foizni tashkil etadi.