Kuni kecha Farg‘ona viloyatining Qo‘shtepa tumanida viloyat bojxona boshqarmasining Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo‘limi huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazdi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Tezkor tadbir davomida fuqaro M.D.ning yashash xonadoni ko‘zdan kechirildi. Natijada, ushbu uyning bog‘ qismida qurigan o‘tlar orasiga berkitib saqlanayotgan qora rangli selofan paketga o‘ralgan o‘tkir hidli, och yashil rangli giyohvandlik moddasiga o‘xshash modda va 1 dona qog‘oz o‘ramga o‘rab joylashtirilgan hamda bog‘ning oxiridagi burchakli devor tagidagi makkajo‘xori poyalari orasiga berkitilgan o‘tkir hidli giyohvandlik moddasi — marixuana moddasiga o‘xshash moddalar borligi aniqlandi.

Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, olingan ashyoviy dalillar 934 gramm «marixuana» giyohvandlik vositasi ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.