Jizzax viloyatiga safar qilgan prezident Shavkat Mirziyoyev Mirzacho‘l tumanidagi O‘zbek — qozoq milliy madaniyat markazi faoliyatini ko‘zdan kechirdi.Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Mirzacho‘lda yashayotgan qozoq millatiga mansub yurtdoshlarimizning urf-odat va an’analarini rivojlantirishi uchun zarur sharoit yaratilgan. Xususan, bu yerda Qozoq milliy teatri tashkil etilgan. Yaqinda teatr binosi rekonstruksiya qilinib, ko‘rkam inshootga aylantirildi. Milliy cholg‘uchilik, ashula, raqs, tasviriy san’at kabi to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

O‘zbek — qozoq milliy madaniyat markazining tashkil etilishi xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikning yana bir ifodasi bo‘ldi. Markazda madaniy aloqalarni kuchaytirish, yoshlarni baynalmilal do‘stlik ruhida tarbiyalashga alohida e’tibor qaratildi.

Prezident mazkur teatrning qayta tiklanishi va O‘zbek-qozoq milliy madaniyat markazining tashkil etilishi ikki qardosh xalq hamjihatligida muhim ahamiyatga ega ekanini alohida ta’kidladi. Bu maskan hududdagi ijodiy, ma’rifiy tashkilotlarni, ziyolilarni, yoshlarni ezgu maqsad yo‘lida birlashtirishi zarurligini qayd etdi.

O‘zbek va qozoq xalqlari san’atidan namunalar ijro etildi.