Prezident Shavkat Mirziyoyev 28 yanvar kuni «O‘zbekiston Respublikasi Hukumati ishini tashkil etishning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi. Hujjatda bosh vazir o‘rinbosalari sonini sakkiztadan beshtaga kamaytirish ko‘zda tutilgan.

Bosh vazir o‘rinbosarlari — iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha komplekslari rahbarlari lavozimlari, shuningdek, ularning apparatlari (kotibiyat) tugatildi.

Bundan tashqari, Makroiqtisodiy tahlil va prognozlashtirish, moliya va bank tizimlarini isloh qilish, xususiy tadbirkorlik va kichik biznesni rivojlantirish masalalari yig‘ma axborot-tahlil departamenti hamda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish komplekslari, tarmoqlari va sohalari bo‘yicha axborot-tahlil departamentlari tugatildi.

Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi tuzilmasiga:

  • bosh vazirning birinchi o‘rinbosari — O‘zbekiston transport vaziri;
  • bosh vazir o‘rinbosari — O‘zbekiston moliya vaziri;
  • bosh vazirning investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari;
  • bosh vazirning ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari;
  • bosh vazir o‘rinbosari — O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi;
  • bosh vazirning yoqilg‘i-energetika sohasi va sanoatning bazaviy tarmoqlarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi;
  • bosh vazirning agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimlari kiritilishi belgilandi.

Qarorga ko‘ra, bosh vazir hukumat oldiga qo‘yilgan maqsadli vazifalarga erishishni ta’minlash maqsadida vazirliklar, davlat qo‘mitalari va boshqa davlat boshqaruvi organlari faoliyatini umumiy muvofiqlashtiradi, yuzaga kelgan kelishmovchiliklar bo‘yicha kelishilgan qarorlar qabul qiladi.

Bosh vazir o‘rinbosarlari vazirliklar, davlat qo‘mitalari va boshqa davlat boshqaruvi organlari tomonidan qonunlar, Oliy Majlis palatalari hujjatlari, parlament va deputat so‘rovlari, prezident hujjatlari va topshiriqlari bajarilishi monitoringini olib boradi.

Shuningdek, ular joylarda ishlarning real holatini muntazam o‘rganadi, iqtisodiyotdagi va ijtimoiy sohadagi muammolarni har tomonlama tahlil qiladi hamda shu asosda strategik va ustuvor vazifalarni amalga oshirish yuzasidan kompleks takliflar ishlab chiqadi. Bunda yuklangan vazifalarni hal etishda ularning vazirliklar, davlat qo‘mitalari, davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatiga aralashishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Bosh vazir maslahatchilari ular vakolatiga kiritilgan tegishli yo‘nalishlar va masalalar bo‘yicha bosh vazirga takliflarning puxta ishlab chiqilishini, ekspertizadan o‘tkazilishini va tayyorlanishini ta’minlaydi, shuningdek, ushbu masalalar uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.

Vazirlar, davlat qo‘mitalari raislari va boshqa davlat boshqaruvi organlari rahbarlari Vazirlar Mahkamasiga kiritilayotgan takliflar, tahliliy va boshqa hujjatlarning, shu jumladan, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining sifatli va har tomonlama ishlab chiqilishi, shuningdek, ularni amalga oshirishning pirovard natijalari va oqibatlari uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.

Bosh vazir, bosh vazir o‘rinbosarlari va maslahatchilari tomonidan xo‘jalik jamiyatlari va kompaniyalar, shuningdek, davlat ulushiga ega bo‘lgan boshqa tashkilotlar faoliyati ustidan bir vaqtning o‘zida rahbarlik qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Bosh vazir maslahatchilari prezident bilan kelishgan holda bosh vazir tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.

Bosh vazir o‘rinbosarlari, vazirlar va davlat qo‘mitalari raislari lavozimlariga nomzodlar 1 apreldan boshlab Qonunchilik palatasi tomonidan tasdiqlanishi lozim.

Prezident bosh vazir Abdulla Aripovga 10 kun muddatda qaror talablarini bajarish bo‘yicha quyidagilarni o‘z ichiga olgan Harakatlar rejasini ishlab chiqish vazifasini topshirdi:

  • Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarini o‘tkazish muddatlarini ko‘rsatgan holda ularning kun tartibini shakllantirish;
  • hukumat, vazirliklar, davlat qo‘mitalari va boshqa davlat boshqaruvi organlari oldiga qo‘yilgan, shu jumladan, ular faoliyatining samaradorligi ko‘rsatkichlariga va maqsadli indikatorlariga asoslangan vazifalarning bajarilishi;
  • OAVda va boshqa manbalarda, shu jumladan, joyiga chiqqan holda aniq faktlar bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish uchun jamoatchilik fikrini o‘rganish;
  • normativ-huquqiy hujjatlar, shu jumladan, Hukumatning qonunchilik tashabbusi tartibida Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritiladigan qonunlar loyihalarini ma’qullash;
  • qonunlar, Oliy Majlis palatalarining hujjatlari, parlament va deputat so‘rovlari, prezident qarorlari va topshiriqlarining samarali ijrosini tashkil etish, shuningdek, ularning bajarilishini nazorat qilish;
  • Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarini OAVda yoritish, hal etiladigan muammolar muhokamasiga va Hukumat faoliyatini baholashga jamoatchilikni jalb qilish va boshqalar.

Bosh vazir hukumat faoliyati sohalaridagi istiqbolli loyihalar va dasturlarni amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlari bilan o‘zaro hamkorlik qilish bo‘yicha takliflarni kelishish uchun O‘zbekiston prezidenti Administratsiyasiga kiritishi lozim.