Ikki oy muddat ichida «O‘zbekoziqovqatxolding» xolding kompaniyasi tugatilib, uning o‘rnini oziq-ovqat sohasida o‘zini o‘zi tartibga soluvchi tashkilot tuziladi. Bu O‘zbekiston prezidentining 28 yanvardagi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi qarorida o‘z aksini topgan.

«O‘zbekoziqovqatxolding» 2016 yil bahorida O‘zbekiston oziq-ovqat sanoati korxonalari uyushmasi asosida tashkil etilgan edi.

Xolding kompaniyasini tugatish rejasi o‘tgan yilning kuzida ma’lum bo‘lgan edi. Prezidentning oziq-ovqat sanoatini boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risidagi qarori loyihasida soha korxonalarini boshqarishda ortiqcha ovoragarchiliklar va bir-birini takrorlovchi vakolatlar to‘g‘risida to‘xtab o‘tilgandi.

Qaror loyihasida ishlab chiqaruvchilar bozorda yig‘ilib qolgan real vaziyatlarni hisobga olgan holda ishlab chiqarish hajmini mustaqil belgilash, eksportni kengaytirish va xorijiy bozorlarda milliy brendlarni targ‘ib qilishda qiyinchiliklarga duch kelayotgani ta’kidlangan.