O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30 yanvar kuni Jizzax viloyati Forish tumaniga tashrif buyurib, atom elektr stansiyasini qurish uchun muhandislik tadqiqotlari olib borilayotgan maydonlardan birini ko‘zdan kechirdi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Ma’lumki, tinch maqsadlarda foydalanish uchun O‘zbekistonda birinchi marta atom elektr stansiyasi qurilishi rejalashtirilgan. O‘zbekiston prezidentining farmoniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi huzurida Atom energetikasini rivojlantirish agentligi tashkil etilgan. Xorijiy loyihalar soni va ko‘lami bo‘yicha jahonda birinchi o‘rinda turadigan «Rosatom» korporpatsiyasi bilan kelishuvga erishilgan.

Ushbu stansiya har biri 1 ming 200 megavatt quvvatga ega ikkita, «3+» avlodiga mansub eng zamonaviy va xavfsiz energiya blokidan iborat bo‘ladi. Ular Xalqaro atom energiyasi agentligining barcha xavfsizlik talablari javob beradi.

Atom energiyasi ekologik toza bo‘lib, bunday stansiyalar is gazi hosil qilmaydi. Atom elektr stansiyasining ishga tushirilishi natijasida katta miqdorda tabiiy gaz iqtisod qilinadi, atmosferaga karbonad angidrid chiqarilishi yiliga 14 million tonnagacha, azot oksidlari chiqarilishi 36 ming tonnaga kamayadi.

Prezident tadqiqot ishlarining borishi bilan qiziqdi, «O‘zatom» agentligi va «Rosatom» korporatsiyasi rahbarlari bilan suhbatlashdi.

«Bu ulkan loyiha Rossiya bilan strategik sherikligimizning yangi yo‘nalishi. Mamlakatimiz sanoati rivojlanyapti, aholi soni o‘syapti. Hali oldinda yana katta rejalarimiz bor. Bular uchun barqaror energiya ta’minoti kerak. Atom elektr stansiyasi energiya manbalari cheklangan sharoitda ana shunday imkoniyat yaratadi, iqtisodiyotni rivojlantirishga, odamlarni ish bilan ta’minlashga xizmat qiladi», — dedi davlat rahbari.

Atom elektr stansiyasini aniq hisob-kitob va puxta tayyorgarlik bilan qurish, xorijdagi stansiyalar qurilishidagi tajribani o‘rganish zarurligi ta’kidlandi.

«Bizning atom stansiyamiz boshqalardan ham yaxshi, sifatli va xavfsiz bo‘lishi kerak», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ushbu sohaga ixtisoslashgan kadrlar tayyorlash borasidagi ishlar haqida ham ma’lumot berildi. Hozirda 30 nafar o‘zbekistonlik talaba «Moskva muhandislik-fizika instituti» milliy tadqiqot yadroviy universitetida ta’lim olmoqda. Mazkur bilim yurtining Toshkentda tashkil etilayotgan filiali kelgusi o‘quv yilidan ilk talabalarni qabul qiladi. Bu yoshlar yuqori malakali mutaxassis bo‘lib yetishadi va atom elektr stansiyasining xavfsiz ishlashini ta’minlaydi.

Shu yerda Jizzax viloyatining mineral xomashyo bazasini kengaytirish, Forish tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, turizm salohiyati va lalmi yerlardan samarali foydalanishga qaratilgan loyihalar taqdimoti o‘tkazildi.

«O‘zi Forish imkoniyatlari bo‘yicha eng boy tumanlardan biri. Lekin hozir boshqa hududlardan biroz orqada. Bu yerning qishloq xo‘jaligi, geologiya, qayta ishlash sohalaridagi imkoniyatlarini to‘g‘ri ishga solsa, aholi farovonligi, mahalliy byudjetni oshirish mumkin», — dedi prezident.

Avvalgi tashrif chog‘idagi topshiriqqa asosan, suvni tejaydigan texnologiyalarni qo‘llash natijasida Forish tumanida 50 ming gektar ekin maydoni paydo bo‘lgani ta’kidlanib, unga talab yuqori mahsulotlar ekib, aholi daromadini ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.