«Toshshahartransxizmat» AJ ga qarashli avtobus saroylariga shu kungacha O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan 72 ta o‘rta sig‘imli «SAZ LE 60» hamda 40 ta katta sig‘imdagi «MAN» rusumli avtobuslar olib kelingan edi. Kuni kecha ular safiga yana 10 ta «MAN» qo‘shildi. Bu haqda jamiyat matbuot xizmati xabar berdi.

Bu yilgi rejaga ko‘ra, yangi avtobus keltirilishi davom etadi. Shundan 30 ta yangi avtobus fevral va mart oylarida olib kelinadi.

Ushbu yangi avtobuslar «Toshshahartransxizmat» AJ talabiga ko‘ra ishlab chiqaruvchilar tomonidan takomillashtirib borilmoqda. Avtobuslardagi yong‘inga qarshi ishlovchi uskuna, jismoniy imkoniyati cheklanganlar uchun pandus, eng asosiysi konditsioner jamiyat rahbariyati talabi bilan o‘rnatildi.