AQSH Xususiy xorijiy investitsiyalar korporatsiyasi (OPIC) O‘zbekistondagi loyihalarni moliyalashtirishni qaytadan yo‘lga qo‘ymoqda. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

2018 yil may oyida OPIC va Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi 2000-yillar boshida to‘xtab qolgan hamkorlikni qaytadan jonlantirishni ko‘zda tutuvchi hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumni imzolagan edi. Hujjat O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning AQSHga tashrifi chog‘ida tasdiqlandi.

Jizzax viloyatida faoliyat ko‘rsatuvchi Hosiyatli Bog Plus fermer xo‘jaligi delegatsiyasi Vashingtonda OPIC bilan Baxmal tumanida 21 mln dollarlik qiymatdagi intensiv bog‘ va issiqxona xo‘jaligini barpo etish bo‘yicha muzokaralar olib bordi.

«Bu memorandum imzolanganidan keyin OPIC moliyalashtiradigan birinchi loyihaga aylanadi», — deyiladi xabarda. Loyihani mart oyida ishga tushirish belgilangan.

O‘zbekiston tomoni OPIC bilan mehmonxona biznesi, xususiy tibbiy xizmatlarni rivojlantirish hamda qishloq xo‘jaligi sohalaridagi boshqa investitsion loyihalar ustida ham ish olib bormoqda.

OPIC maqsadi — rivojlanayotgan bozorlarda Amerika biznesiga ko‘mak ko‘rsatishdan iborat. OPIC O‘zbekistonda o‘z faoliyatini 1992 yilda boshlagan, o‘tgan davr mobaynida 230 mln dollarga yaqin Amerika banklari kreditlarini jalb qilish bo‘yicha ko‘mak ko‘rsatgan edi.