28 yanvar kuni O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi press-xollida «O‘zbekistonda ekologik muhitni yanada yaxshilash, atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari» mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi, deyiladi xs.uz axborotida.

«Toshkent shahrida ko‘kalamzorlashtirish konsepsiyasi mavjud emas, — dedi Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i Nodir Yunusov. — Bizga shunday konsepsiya kerak, u nafaqat daraxtlarni ekish va parvarish qilish, balki mavjud barcha daraxtlarni muhofaza qilish, sanitar tarzda, dori vositalaridan foydalangan holda sog‘lomligini saqlab qolish kabi dolzarb masalalarni ham qamrab olishi lozim».

Nodir Yunusovning bildirishicha, Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi bilan hamkorlikda «Shahardagi daraxtlar bo‘yicha strategiya» («Strategiya po gorodskim derevyam») ishlab chiqilgan. Bu loyiha aslida strategiyaning dastlabki xomaki ko‘rinishi bo‘lib, uni mutaxassislar va ilmiy institut xodimlarining takliflari asosida to‘ldirish, kengaytirish talab etiladi. Hozirda MDH davlatlari shaharlarida mavjud loyihaviy ishlanmalar andoza sifatida o‘rganib chiqilmoqda. Yangi strategiyani avgust oyiga qadar Toshkent shahri miqyosida tasdiqlanishi rejalashtirilmoqda.

«2018 yil 27 iyunidan 31 dekabriga qadar 10 ming tupdan ortiq daraxtni kesish bo‘yicha murojaat tushgan, — dedi Nodir Yunusov. — Shulardan 3 201 tup daraxt saqlab qolingan. 1 899 tup daraxt «O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘ri-sida"gi Qonunning 37-moddasi 3-qismiga asosan to‘lovsiz qirqilgan. 388 tup daraxt davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan ob’ektlar qurilishi munosabati bilan qirqilgan. 3 840 dona daraxt esa 1 mlrd 44 mln 908 ming 436 so‘mlik to‘lov puli evaziga yuridik va jismoniy shaxslarning murojaatiga ko‘ra qirqilgan».

Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi mutasaddilarining bildirishicha, daraxtlarning noqonuniy kesilishini bartaraf etish borasida 2 ta vazifa ko‘zda tutilgan.

Birinchidan, yagona ma’lumot almashish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bu tizim orqali har qanday yuridik yoki jismoniy shaxs murojaatlarini boshqarmaning ma’lumotlar bazasiga jo‘natishi mumkin bo‘ladi. Tumanlarda tashkil etilgan inspeksiya xodimlari murojaatda ko‘rsatilgan hududga operativ tarzda, yarim-bir soat ichida yetib boradi hamda belgilangan tartibda chora ko‘radi.

Ikkinchidan, Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi 15 fevral kuni ishga tushadigan rasmiy saytida daraxtlarni kesish uchun berilgan ruxsatnomalar haqida o‘z vaqtida va to‘laqonli ma’lumotlar joylashtirib boriladi.

Matbuot anjumani davomida OAV muxbirlari daraxtlar kesilishining oldini olish va nazorat o‘rnatish choralari haqida savollar berdi.

«Bu yil poytaxtimizda yuz bergan mudhish voqeaga roppa-rosa 10 yil to‘ladi — 2009 yilda Amir Temur xiyobonidagi daraxtlar kesib tashlangan edi, — bloger Nikita Makarenko. — Bu hodisani siz huquqiy nuqtai nazardan qanday baholaysiz, siz buni jinoyat deb hisoblaysizmi yoki bu qonun doirasida qilingan ishmi?»

«Daraxtlarning kesilishi qonuniy yoki noqonuniyligi to‘g‘risida sud organlari qaror chiqaradi. Men hozir 10 yil oldin bo‘lib o‘tgan voqeani sharhlab o‘tirmoqchi emasman, — dedi Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i Nodir Yunusov. — Men 2019 yildagi ma’lumotlar haqida gapira olishim mumkin. O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida daraxtlarni noqonuniy kesish hamda buning uchun tayinlanadigan ma’muriy jazo choralari aniq-tiniq yozib qo‘yilgan. Joriy yilning 28 kuni mobaynida prokuraturaga 2 ta holat bo‘yicha taqdimnoma kiritildi. Jumladan, hozirda Uchtepa tumanida sodir etilgan holat yuzasidan 128 mln so‘mlik, Chilonzor tumanida yuz bergan holat bo‘yicha esa 180 mln so‘mlik jarima undirish da’vosi ko‘rib chiqilmoqda».

Ma’lumot uchun: Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi va uning tasarrufidagi tuzilmalar daraxtlarni kesishga ruxsat beruvchi organ hisoblanmaydi, xulosa beruvchi tashkilot sanaladi. Ushbu xulosa asosida joylardagi mahalliy hokimiyat organlari tomonidan ruxsatnomalar rasmiylashtiriladi. Daraxtlarni kesish vakolati Obodonlashtirish boshqarmasiga tegishli.

«O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi va O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi bilan hamkorlikda 2019 yilning 1 iyuniga qadar respublika hududidagi barcha daraxtlar xatlovlardan o‘tkaziladi», — dedi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi Matbuot xizmati vakili Sevara Davlatova.

Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i Nodir Yunusovning ma’lum qilishicha, 2019 yil bahor mavsumida Toshkent shahrida 409 ming tup manzarali va mevali daraxt ekilishi belgilangan.