«O‘zcharmsanoat» uyushmasi raisi lavozimida faoliyat yuritgan Umurzoqov Sardor O‘ktamovich O‘zbekiston investitsiyalar va tashqi savdo vaziri etib tayinlandi, deya xabar qildi assotsiatsiya matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi va Tashqi savdo vazirligining qo‘shilishi orqali tashkil etilmoqda.

Sardor Umurzoqov (1977 y. t.) Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va Reding universiteti (Buyuk Britaniya) magistraturasini tamomlagan, hozirda fan doktori ilmiy darajasiga (PhD) ega. Sardor Umurzoqov uzoq muddat O‘zbekiston bank sohasida, Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankida (London, Buyuk Britaniya) hamda respublika moliya tizimida, xususan Moliya vazirligi G‘aznachiligida rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritgan.

Bungacha Davlat investitsiya qo‘mitasiga Suxrob Xolmurodov (2018 yil fevraldan), Tashqi savdo vazirligiga esa Jamshid Xodjayev (2017 yil noyabrdan) rahbarlik qilgan.

«Gazeta.uz"ning hukumatdagi axborot manbasi ma’lumotlariga ko‘ra Vazirlar Mahkamasi tarkibining tubdan o‘zgarishi kutilmoqda.

Avvalroq bosh vazir o‘rinbosarlarining muayyan idoralarga rahbarlik qilishi amaliyoti tugatilib, bosh vazir o‘rinbosarlari soni optimallashtirilishi xabar qilingan edi. Prezident Shavkat Mirziyoyev parlamentga murojaatnomasida respublikada «ixcham» Vazirlar Mahkamasi tashkil etilishini ma’lum qildi.