Innovatsion rivojlanish vazirligi tashabbusi bilan qator vazirliklar va idoralar vakillari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputatlari hamda O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Orolbo‘yi markazi mutaxassislaridan iborat Idoralararo ishchi guruhi o‘z faoliyatini boshladi, deya xabar qildi Innovatsiya vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

Nukusda mazkur ishchi guruh a’zolari ishtirokidagi davra suhbatida Orol dengizi qurib qolishi bilan bog‘liq muammolar, Orol dengizi fojiasining salbiy oqibatlari, shuningdek, Orolbo‘yining ekologik holatini yaxshilash masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvda Orolbo‘yi hududida Konsepsiyani amalga oshirishdagi birlamchi vazifalar bo‘yicha kelishildi, jumladan,mutaxassislar Orol dengizining qurib qolgan tubiga o‘simliklar urug‘lari va ko‘chatlar ekishdan avval uning monitoringini o‘tkazish zarurligi ta’kidlandi.

Monitoring doirasida Orol dengizi deltasini va qurib qolgan tubini kosmosdan sun’iy yo‘ldoshlar orqali kuzatish va yer usti ekspeditsiyalari natijalaridan olingan ma’lumotlarni yig‘ib, tahlil qilish ko‘zda tutilmoqda. Bunda hududning qaysi yeriga ekin ekish mumkinligi, qaysi joylariga alohida ishlov berish zarurligi, aynan qanday o‘simlik turlarini ko‘paytirish ijobiy samara berishi mumkin, cho‘l hududida yashaydigan qanday jonivor va hayvonlarni ko‘paytirish imkoniyati mavjudligi o‘rganiladi.

Shuningdek, Orol dengizi fojiasi oqibatlarini kamaytirish bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlarga xalqaro tashkilotlar va qo‘shni mamlakatlardan mutaxassislarni taklif etish lozimligi qayt etildi. Konsepsiya muhokamasiga gidrometeorologiya xizmati, energetika, turizm sohalari vakillari, zoolog va botaniklarni jalb qilishga kelishildi.

Ishchi guruhining navbatdagi yig‘ilishida qurg‘oq va sho‘rlagan tuproqli hududlarni ko‘kalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirgan xorij mamlakatlari tajribalari tahlili, Konsepsiyaning qo‘shni davlatlar va xalqaro investorlar uchun jozibadorligini oshirish hamda innovatsion ishlarning mazmuni va yo‘nalishlari bo‘yicha g‘oyalarni muhokama qilishga kelishildi.