flydubai Dubay aviakompaniyasi 11-martdan Dubay va Toshkent o‘rtasida qatnovlarni amalga oshirishni boshlaydi, deya xabar qildi kompaniya matbuot xizmati “Gazeta.uz"ga. Reyslar haftasiga besh marotaba, 31-maydan esa har kuni amalga oshiriladi.

Yangi yo‘nalish bo‘yicha parvozlar Emirates aviakompaniyasi bilan tuzilgan kod-shering shartnomasi doirasida Dubay xalqaro aeroporti 3-terminalidan Boeing 737 MAX 8 samolyotlarida yo‘lga qo‘yiladi.

flydubai ijrochi direktori Geyt Al Geyt kompaniya Toshkentga to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlarni amalga oshirayotgan birinchi BAA milliy aviatashuvchisiga aylanganidan mamnunlik izhor qildi.

“Bu turizm va savdo oqimlarini yanada rivojlantirish uchun imkoniyat yaratib, Dubay bilan aviaqatnovlarda kamchiliklarni his etayotgan bozorni ochish hamda Dubay va uning yon-atrofiga sayohatlar qilish uchun ko‘proq takliflarni ilgari surishga azm qilayotganimizni aks ettiradi”, — dedi u.

flydubai Markaziy Osiyoga 2010-yil noyabridan buyon parvozlarni amalga oshirib kelmoqda. Ashxobod ilk yo‘nalish bo‘ldi. 2012-yil fevralidan Bishkekka, 2013-yil aprelidan — Dushanbega, 2014-yil sentyabridan — Olma Ota va Chimkentga, 2015-yil oktyabridan — Ostonaga reyslar yo‘lga qo‘yildi.

Emirates kompaniyasi flydubai bilan tuzilgan kod-shering shartnomasi doirasida yangi yo‘nalish bo‘yicha o‘z kodlarini joylashtiradi. Flydubai reyslariga chiptalarini band qilishda Emirates yo‘lovchilariga bepul taom hamda ekonom va biznes-sinfda Emirates qo‘l yuklarini tashish me’yorlari taqdim etiladi.

Biznes-sinf uchun borish-kelish tarifi 40 kg qo‘l yuki va barcha yig‘imlarni o‘z ichiga olgan holda 7500 BAA dirhamdan (1785 dollar) boshlanadi. Ekonom-klass tarifi esa 7 kg qo‘l yuki va barcha yig‘imlarni o‘z ichiga olgan holda 1545 dirhamdan (420 dollar) boshlanadi.

Reyslar jadvali:

  • FZ1941 Dubay-Toshkent: uchish — 21:20, qo‘nish — 1:45;
  • FZ1942 Toshkent-Dubay: uchish — 3:15, qo‘nish — 6:05.