Toshkent viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi Parkent tuman inspeksiyasi qariyb 200 ta daraxt noqonuniy ravishda kesib tashlanganini aniqladi, deya xabar qildi Ekologiya qo‘mitasi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

Inspektorlar Parkent tumanidagi «Qo‘shchinor» istirohat bog‘i hududida 280 tup aylant, qayrag‘och, archa va akatsiya daraxti tag qismidan kesilganini aniqladi.

Bu yerda sport majmuasi qurilishi rejalashtirilgan. Tashkilotchilarda Parkent tumani hokimiyatining daraxtlarni tag qismidan kesishga ijozat berish to‘g‘risidagi 2018 yil 24 noyabrdagi 3128-sonli qarori bo‘lgan. Biroq unda 82 tup: 35 tup aylant, 15 tup qayrog‘och, 10 tup terak, 10 tup akatsiya va 12 tup archa ko‘rsatilgan.

Shunday qilib, 198 ta daraxt noqonuniy ravishda kesib tashlangan. O‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar miqdori 229,9 mln so‘mni tashkil etadi.

Aniqlangan holatlar bo‘yicha hujjatlar prokuratura organlariga taqdim etilgan.