28 yanvar kuni jahon futboli yulduzi Roberto Karlos Toshkentga tashrif buyurdi. Braziliyalik jahon chempioni Toshkent shahrida turli tadbirlarda ishtirok etadi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

Jumladan, afsonaviy futbolchi ishtirokida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi maydonida master-klass tashkil etildi. Keyin shu yerning o‘zida faxriy futbolchilar ishtirokida o‘rtoqlik o‘yini bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv 10 daqiqadan 2 ta taym davom etdi. Roberto Karlos har ikkala jamoa tarkibida bitta taymdan maydonda to‘p tepdi.

Soat 15:00 da Roberto Karlos A.P.Xlebushkina nomidagi Mehribonlik uyiga tashrif buyurib, u yerdagi tarbiyalanuvchilar bilan uchrashdi va sovg‘alar taqdim qildi. Soat 16:00 da esa Milliy olimpiya qo‘mitasida Roberto Karlos bilan matbuot anjumani tashkil etiladi.