2017 yil noyabrida tashqi savdo vaziri lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan Jamshid Abduhakimovich Xodjayev Qishloq xo‘jaligi vazirligiga rahbar etib tayinlandi. Bu haqda TSV va Qishloq xo‘jaligi vazirligidan «Gazeta.uz"ga xabar qilindi.

Qishloq xo‘jaligi vaziri lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan Bahodir Tursunovich Yusupov esa Namangan viloyati Kosonsoy tumani hokimi etib tayinlandi. Tuman hokimligi vakili «Gazeta.uz"ga mazkur xabarni tasdiqladi.

Jamshid Xodjayev (1979 yilda tug‘ilgan) Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti (2000) va Buyuk Britaniyaning Birmingem universitetini (2003) tamomlagan. 2000 yildan bank sohasida faoliyat ko‘rsatgan, jumladan 14 yil O‘zbekiston Markaziy banki tuzilmalarida faoliyat ko‘rsatib, 8 yil rahbarlik lavozimlarida ishlagan.

2017 yilda O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki raisining birinchi o‘rinbosari, 2017 yil avgustida Hisob palatasi raisining birinchi o‘rinbosari — Davlat byudjetiga tushumlarning to‘liq tushishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘i lavozimiga tayinlangan.

Foto: Xalqaro press-klub.

Bahodir Yusupov 2018 yil fevralida qishloq xo‘jaligi vaziri etib tayinlangan edi. Ungacha O‘zbekiston Fermerlar kengashiga rahbarlik qilgan, 2009−2015 yillarda Namangan viloyati hokimi bo‘lib ishlagan.

Avvalroq prezident topshirig‘i bilan «ixcham» Vazirlar Mahkamasini shakllantirish jarayoni boshlangani haqida xabar qilgan edik.