Orol dengizining qurigan maydonidan chuchuk suv topildi, deya xabar qildi O‘zA. Ushbu chuchuk suv Janubiy Orololdi artezian basseynining bor davri yotqiziqlaridan, ya’ni 260−280 metr chuqurlikdan topildi. Suv sarfi sekundiga 7 litrni tashkil etib, uning minerallashuvi 3 gramm, qattiqligi 6 milligramm ekvivalentga teng.

«Janubiy Orololdi artezian basseyni yer osti suvlari Chimboy, Taxtako‘pir, Qorao‘zak tumanlari hududlarini qamrab oladi, — deydi Orolbo‘yi dala gidrogeologik ekspeditsiyasi boshlig‘i Shavkat Olimov. — Foydalanishga yaroqli bunday suv ko‘zlari ushbu tumanlarda ham topilgan. Janubiy Orololdi artezian basseyni yer osti suvlarini maxsus uskunalar yordamida chuchuklantirib, ichimlik suvi sifatida foydalansa ham bo‘ladi. Hozirgi kunda Chimboy, Qorao‘zak, Taxtako‘pir tumanlarida shunday uskunalar yordamida aholi suvni iste’mol qilib kelmoqda».

To‘rt-besh yarusdan tashkil topgan bor davri yotqiziqlarining pastki qatlamlaridagi janubiy Orololdi artezian basseyni yer osti suvlari termal va minerallashgan bo‘lib, shifobaxsh xususiyat kasb etadi. Bu kabi 47−50 gradus issiqlikdagi suvlar Qozoqdaryo, Qorao‘zak, Chimboy hududlarida mavjud.

Orolbo‘yi dala gidrogeologik ekspeditsiyasi tomonidan joriy yilda Mo‘ynoq tumanida, ya’ni Vozrojdeniye oroli, Surgil, Axantay hududlarida shu kabi 40 ta suv ko‘zlarini ochishni rejalashtirilgan. Bu — birinchisi. Suv ko‘zlarining ochilishi Qoraqalpog‘istonning shimoliy tumanlarida chorvachilikni rivojlantirishga zamin yaratadi. Shuningdek, 2021−2023 yillarda Janubiy Orolning qurib qolgan qismini geologik jihatdan o‘rganish ishlari olib borilishi ham alohida dastur sifatida qabul qilingan.